Haj safari boshlandi
Jamiyat
−
13 may 6419 1 daqiqa
Bugun, 13 may kuni muborak haj safarini niyat qilgan o‘zbekistonliklarning dastlabki guruhi muqaddas zamin tomon yo‘lga chiqdi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, bo‘lg‘usi hojilarni kuzatish uchun O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, shuningdek, taniqli ulamolar, imom-domlalar, mutasaddilar va OAV vakillari Toshkent xalqaro aeroportida jam bo‘lgan.

“Muborak safar oldi Muftiy hazratlari Alloh taoloning bayti sari yo‘l olayotgan ziyoratchilar eson-omon Haj amallarini bajarib, yurtimizga sog‘-salomat qaytib kelishlarini so‘rab xayrli duolar qildilar. Shunday qilib, orzulari ro‘yobidan his-hayajonga to‘lgan “Haj – 2025” mavsumining ilk ziyoratchilari Toshkent xalqaro aeroportidan Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketdilar”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistondagi 2025 yilgi Haj mavsumi 13 may kunidan boshlanishi xabar qilingandi. Bugundan e’tiboran 28 mayga qadar har kuni Saudiya Arabistoniga aviaqatnovlar amalga oshiriladi. Ziyoratchilar respublikaning 9 ta hududidagi – Toshkent, Buxoro, Namangan, Samarqand, Qarshi, Termiz, Urganch, Navoiy va Nukus shaharlaridagi aeroportlar orqali Madina shahriga to‘g‘ridan to‘g‘ri uchadi.
Live
Barchasi