Saudiya Haj ziyoratchilari uchun havo mudofaasini kuchaytirdi (video)
Olam
−
25 may 1777 2 daqiqa
Saudiya Arabistoni Haj mavsumi boshlanishi oldidan xavfsizlik choralarini keskin kuchaytirdi. Mamlakat Mudofaa vazirligi Makka atrofida joylashtirilgan zenit-raketa majmualari tasvirlarini e’lon qildi.
Mudofaa vazirligi bayonotiga ko‘ra, Qurolli kuchlar Haj mavsumiga tayyorgarlikni to‘liq yakunlagan va ziyoratchilar hamda muqaddas maskanlarni himoya qilish uchun to‘liq jangovar shay holatga keltirilgan.
Xavfsizlikni ta’minlashga quruqlik qo‘shinlari, harbiy-havo kuchlari, havo mudofaasi bo‘linmalari, harbiy-dengiz floti, shuningdek tibbiy va texnik xizmatlar jalb etilgan.
Xavfsizlik choralarining kuchaytirilishi Yaqin Sharqdagi keskin vaziyat bilan bog‘liq. So‘nggi haftalarda Saudiya Arabistoni rasmiylari mamlakat havo hududini buzgan dronlar tutib qolinganini ma’lum qilgan.
Shu fonda rasmiylar Makka shahriga kelayotgan millionlab musulmonlarning xavfsizligiga alohida e’tibor qaratmoqda.
Bu yil haj ziyorati 25–29 may kunlari bo‘lib o‘tadi. Rasmiylarning baholashicha, unda dunyoning turli mamlakatlaridan qariyb 1,5 million kishi ishtirok etadi.
Tarixchilarning qayd etishicha, 14 asrdan ortiq vaqt davomida haj atigi qariyb 40 marta bekor qilingan yoki jiddiy cheklangan. So‘nggi bunday holat 2020 yilda COVID-19 pandemiyasi davrida kuzatilgan edi.
2026 yil hajni tashkil etish bo‘yicha eng murakkab yillardan biri sifatida baholanmoqda. AQSH, Germaniya va Buyuk Britaniya kabi qator g‘arb davlatlari fuqarolariga Yaqin Sharqdagi vaziyat sabab Saudiya Arabistoniga safar xavfini sinchkovlik bilan baholashni tavsiya qilgan.
Bu yil O‘zbekistondan Haj safariga 15 ming nafar ziyoratchi jo‘nab ketgan.
Live
Barchasi