HAMAS sulh bo‘yicha garovdagilarni ozod qilishda davom etadi

Olam

image

Falastinning HAMAS harakati garovga olinganlarni belgilangan tartibda ozod etishda davom etishini aytdi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Qohiradagi muzokaralardan so‘ng Falastin guruhi to‘siqlar bartaraf etilganini bildirgan. Vositachi sanalgan Misr va Qatar hisobotlarida ham bo‘shliqlar bartaraf etilgani aytiladi.

Isroil hukumati esa bu xabarlarga izoh bermagan, biroq agar HAMAS 15 fevral kuni garovdagi 3 kishini ozod qilmasa, sulh bekor qilinishini aytgan. Qolaversa, Isroil HAMAS harakati 15 fevral kuni ozod etilishi kerak bo‘lgan uchta garovga olinganlar ro‘yxatini taqdim etishini kutayotganini qo‘shimcha qilgan.

Shu bilan birga, Rossiyaning RBK nashri HAMAS garovga olgan Rossiya fuqarosi Aleksandr Trufanov 15 fevral kuni ozod qilinishi haqida xabar e’lon qilgan. Nashrga ko‘ra, Rossiya fuqarosi ozod qilinishi kerak bo‘lgan 3 nafar asirlar orasida mavjud.

Eslatib o‘tamiz, 10 fevral kuni HAMAS harbiy qanoti matbuot kotibi Abu Ubayda harakat G‘azo sektorida garovga olingan va 15 fevral kuni vataniga qaytishi kerak bo‘lgan yangi guruhni ozod qilish jarayonini keyinga surganini ma’lum qilgandi. HAMASning fikricha, Isroil “anklav janubidan shimolga ko‘chirilganlarni qaytarishni kechiktirib, G‘azoga qarata o‘t ochgan va barcha turdagi insonparvarlik yordamlarini kerakli miqdorda yetkazib bera olmaganida” kelishuv shartlarini buzgan.

11 fevral kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp HAMASni barcha garovga olinganlarni ozod qilishga chaqirdi. Unga ko‘ra, agar bu amalga oshmasa, G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish tartibi bekor qilinadi. Shuningdek, Tramp HAMASning garovga olinganlarni qismlarga bo‘lib emas, balki butunlay ozod qilishi kerakligini ta’kidlagan.

“Shanba kuni soat 12:00 da hamma garovga olinganlar ozod qilinishi kerak, aks holda, men aytgan bo‘lardimki, haqiqiy do‘zax boshlanadi”, degan Tramp.

Lekin, HAMAS harakati Donald Trampning ushbu talabini rad etdi. HAMAS matbuot kotibi Sami Abu Zuhriyning aytishicha, yanvar oyida Isroil bilan erishilgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi garovga olinganlarning ozod etilishini kafolatlashning yagona yo‘li.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tahdidlar tili o‘rinsiz va vaziyatni yanada murakkablashtiradi. Qolaversa, Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ham agar HAMAS harakati joriy yil 15 fevral kuni tushgacha garovga olinganlarni ozod qilmasa, Isroil G‘azo sektorida jangovar harakatlarni qayta boshlashi haqida gapirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Falastin sulh HAMAS

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing