Putin sulhga rozi bo‘lsa, Ukrainada saylovlar o‘tkaziladi – Zelenskiy

Olam

−

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy agar Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 60 kunlik sulhga rozi bo‘lsa, Ukrainada saylovlar o‘tkazilishini ma’lum qildi. Bu haqda u ABC News jurnalisti Jonatan Karlga bergan intervyusida so‘z ochdi.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, qachon ovoz berish va kimni saylashni ukrainlarning o‘zi hal qilishi kerak.

“Ammo bu savolga javob beradigan bo‘lsam, shuni bilamanki, Putin Ukraina prezidentini almashtirishni juda xohlagan edi. Men buni tushunaman. Agar Prezident Tramp haqiqatan ham saylovlar orqali qandaydir o‘zgarishlarni xohlayotgan bo‘lsa, men buni allaqachon uning jamoasi bilan muhokama qilganman. Shuning uchun, iltimos, Putinga yetkazing: bizga ikki oy, 60 kunlik nafas rostlash imkonini bering. 60 kunga to‘liq o‘t ochishni to‘xtatish va biz saylovlarni tashkil qilamiz. Albatta, biz xalqimizning — aynan Ukraina xalqining har qanday tanlovini qabul qilishga tayyor bo‘lamiz”, deydi u.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp jurnalistlar bilan suhbatda Ukrainaga “kelishuv tuza oladigan yangi prezident tanlashni” taklif qilgan edi.

“Bilasizmi, men nimani taklif qilaman? Men ularga [ukrainlarga] kelishuvlar tuzishga qodir bo‘lgan yangi yetakchi topishni taklif qilaman — axir u [Vladimir Zelenskiy] juda ko‘p kelishuvlar tuzishi mumkin edi, lekin nimagadir hech qachon buni qilmaydi”, degan edi Tramp.

U, shuningdek, Zelenskiyni Rossiyaning neftni qayta ishlash zavodlariga (NQIZ) berilgan zarbalar uchun tanqid qilgan. Trampning so‘zlariga ko‘ra, AQSH Zelenskiyga Rossiya bilan “xohlagan ishini qilishi mumkinligini”, lekin neftni qayta ishlash zavodlariga zarba bermasligi kerakligini aytgan, chunki bu “dunyo miqyosidagi muammo”. Ertasi kuni Zelenskiy Kiyev Rossiya NQIZlariga hujum qilishni faqat Moskva Ukraina energetikasiga berayotgan zarbalarini to‘xtatsagina bas qilishini bildirdi.

11 oktyabr kuni Tramp Rossiya va Ukraina o‘rtasida energetik sulh boshlanganini e’lon qildi. Zelenskiy avvaliga bunday kelishuv haqida birinchi marta eshitayotganini aytdi.

“Agar Prezident Tramp bu haqda Putin bilan kelishib olgan bo‘lsa, iltimos, sulh qachon kuchga kirishini bizga xabar qiling”, dedi u.

Keyinchalik u Kiyevning Rossiya energetika infratuzilmasiga zarba berishni to‘xtatishga tayyorligini tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina Qurolli Kuchlari allaqachon tegishli buyruqlarni olgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing