Finlyandiya Prezidenti O‘zbekistonga keldi (video)
Jamiyat
−
30 Oktabr 5248 1 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Finlyandiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Stubb kecha, 29 oktyabr kuni rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Qayd etilishicha, oliy martabali mehmonni Toshkent xalqaro aeroportida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev va boshqa rasmiylar kutib olgan.
Tashrif dasturiga muvofiq, Toshkent shahrida oliy darajadagi muzokaralar bo‘lib o‘tadi, ularda O‘zbekiston bilan Finlyandiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni, eng avvalo, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda yanada kengaytirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqiladi.
O‘zaro savdo hajmini oshirish, qishloq xo‘jaligi, ekologiya, kimyo, energetika, raqamlashtirish, tog‘-kon sanoati va boshqa innovatsion tarmoqlarda kooperatsiyani yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratiladi.
“Mehnat migratsiyasi, madaniyat, ta’lim tizimiga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish sohalarida hamkorlik masalalari ko‘rib chiqiladi”, deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar, shu jumladan, ko‘p tomonlama tuzilmalarda o‘zaro qo‘llab-quvvatlash yuzasidan ham fikr almashiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Slovakiya Respublikasi Prezidenti Peter Pellegrini amaliy tashrif bilan O‘zbekistonga kelgan edi. Peter Pellegrini faxriy mehmon sifatida UNESCO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasida ishtirok etadi.
Live
Barchasi