Mirziyoyev Ko‘ksaroyda Finlyandiya Prezidenti bilan nimalarni gaplashdi?

Jamiyat

image

Bugun, 31 oktyabr kuni Ko‘ksaroy qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoyev va Finlyandiya Prezidenti Aleksandr Stubb rasmiy delegatsiyalar ishtirokida muzokara o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.

Unda O‘zbekiston bilan Finlyandiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni, eng avvalo, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va gumanitar sohalarda yanada mustahkamlash istiqbollari atroflicha ko‘rib chiqildi. Turli darajalardagi siyosiy muloqot va almashinuvlar jadal rivojlanib borayotgani, biznesga oid sheriklik faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Muzokaralarda tovar ayirboshlashni karrasiga oshirish, shu jumladan, o‘zaro mahsulot yetkazib berishni rag‘batlantirish uchun Savdoni moliyalashtirish qo‘shma jamg‘armasini tashkil etish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi. Shuningdek, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi va to‘qimachilik mahsulotlarini Yevropa Ittifoqi bozorlariga olib chiqish uchun sertifikatlash laboratoriyalarini ochish tashabbuslari qo‘llab-quvvatlandi.

Geologiya va muhim materiallar, energetika, agrosanoat, raqamlashtirish, sun’iy intellekt, ekologiya, turizm va boshqa muhim tarmoqlarda kooperatsiyani kengaytirishga ustuvor ahamiyat qaratildi. 2026 yilda Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish va Ishbilarmonlar kengashini ta’sis etish yuzasidan kelishuvlarga erishildi. Hududlararo hamkorlikni kengaytirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani ta’kidlandi.

Ta’lim, tibbiyot hamda mehnat migratsiyasi sohalaridagi hamkorlik masalalari ham ko‘rib chiqildi. 2026 yilda birinchi Rektorlar va innovatsiyalar forumini o‘tkazish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, Prezidentlar mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdi.

Eslatib o‘tamiz, biroz avval Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekistonda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan Finlyandiya Prezidenti Aleksandr Stubbni tantanali kutib olish marosimi bo‘lgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev O'zbekiston Finlyandiya Ko'ksaroy Aleksandr Stubb

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing