Mirziyoyev Belgiya qirolini O‘zbekistonga taklif qildi
Jamiyat
−
24 Oktabr 3198 2 daqiqa
Bugun, 24 oktyabr kuni Bryussel shahriga rasmiy tashrif doirasida Laken saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Belgiyaliklar Qiroli Filipp bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilingan. Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashilgan.

Qirol Filipp O‘zbekiston yetakchisining YeI rahbariyati bilan muzokaralarining yakunlarini yuksak baholab, mamlakat yetakchisini Yevropa Ittifoqi bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi tarixiy bitim imzolangani bilan samimiy tabrikladi.
O‘zbekiston – Belgiya munosabatlari izchil rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etilgan. Vazirlar darajasida faol muloqotlar yo‘lga qo‘yilgan, siyosiy maslahatlashuvlar muntazam o‘tkazilmoqda, ikki mamlakat parlamentlarida do‘stlik guruhlari tashkil etilgan.

Madaniy-gumanitar hamkorlik mustahkamlanmoqda. Toshkent va Kortreyk, Samarqand va Lej shaharlari o‘rtasida birodarlik aloqalari o‘rnatildi. Kortreykda buyuk alloma Abu Ali ibn Sinoning byusti ochildi.
O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi ortmoqda, Belgiya kompaniyalari O‘zbekistonda, xususan, to‘qimachilik, logistika va xizmat ko‘rsatish sohalarida muvaffaqiyatli ish olib bormoqda. O‘tgan yili Toshkentda Benilyuks mamlakatlarining savdo palatasi ochildi.

Suhbat chog‘ida Belgiya kompaniyalari vakillarining O‘zbekistonga tashriflarini tashkil etish, shuningdek, madaniy tadbirlarni o‘zaro o‘tkazish muhimligi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston rahbari Qirol Filippni tashrif bilan O‘zbekistonga kelishga taklif etdi.
Live
Barchasi