O‘zbekiston iqtisodiyoti 2026 yilda 6,8 foizga o‘sadi – YeOTB
Jamiyat
−
20 dekabr 855 1 daqiqa
2026 yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti 6,8 foizga o‘sadi, inflyatsiya esa 6,7 foizni tashkil etib, bir AQSH dollarining o‘rtacha yillik kursi taxminan 12 800 so‘m darajasida bo‘ladi. Bu haqda Yevroosiyo taraqqiyot banki (YeOTB) taqdim etgan yangi makroiqtisodiy prognozda so‘z boradi.
Unga ko‘ra, iqtisodiy o‘sish yuqori investitsiyalar hamda oltinning qulay narxi hisobiga ta’minlanadi. Inflyatsiya Markaziy bankning maqsadli yo‘nalishlari doirasida pasayishda davom etib, 2026 yil oxiriga borib 6,7 foizgacha sekinlashishi mumkin. Qulay narxlar kon’yunkturasi sharoitida pul o‘tkazmalarining yuqori darajada saqlanib qolishi hamda metallar eksporti hajmining o‘sishi milliy valyutani qo‘llab-quvvatlaydi.
Shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlarining yalpi ichki mahsuloti (YAIM) 600 milliard dollardan oshib ketishi kutilmoqda. Bunday natija faol investitsiyalar hamda kuchli iste’mol talabi hisobiga ta’minlanadi.
YeOTBga ko‘ra, Yevroosiyo mamlakatlari iqtisodiyoti 2026 yilda 9,3 foizgacha o‘sishni namoyish etadi. Ayni paytda Markaziy Osiyo davlatlari so‘nggi o‘n yillikdagi eng yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini qayd etmoqda.
“2025 yil yakuniga ko‘ra, biz 6,6 foizlik o‘sishni kutmoqdamiz. 2026 yilda esa mintaqa ishonchli o‘sishni davom ettiradi – taxminan 6,1 foiz, bu o‘rtacha jahon ko‘rsatkichlaridan yuqori”, deyiladi bayonotda.
Live
Barchasi