Tashiyev hokim va shahar kengashi raisini “kaltaklab”, qamoq bilan qo‘rqitdi
Olam
−
16 Oktabr 21046 2 daqiqa
Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev Manas shahar hokimi Ernisbek O‘rmoqov hamda shahar kengashi raisini urdi. Buni hokimning o‘zi ham tasdiqladi.
O‘rmoqov “Kabar” axborot agentligiga bergan intervyusida Tashiyev bilan bo‘lgan mojarosi haqida batafsil to‘xtalib, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari haqiqatan ham uni va shahar kengashi raisini “urgani”ni aytdi.
Hokimning aytishicha, kelishmovchiliklar shaharni (sobiq Jalolobod) rivojlantirish uchun 2 milliard so‘m ajratilganidan keyin yuzaga kelgan. Shahar kengashi a’zolari bu mablag‘larni taqsimlashga qarshi chiqqan va hokimlik ularni sarflashga ulgurmasligini ta’kidlagan.
“Ishlab chiqarish ob’ektlari, shifoxonalar, IT akademiyasi qurdik, yo‘llarni ta’mirladik, asbob-uskunalar sotib oldik. Lekin o‘shanda deputatlar ikkilanib turishardi. Shundan so‘ng Qamchibek Qidirshayevich bizni o‘zining boshlig‘i sifatida chaqirib, so‘kdi, hatto urishdi. Biz xafa emasmiz, aksincha, nimadir xato qilganimiz uchun bo‘lsa kerak”, deydi u.
Ernisbek O‘rmoqov Tashiyev “qat’iy va talabchan rahbar” ekanini aytib, uni halolligi uchun hurmat qilishini ta’kidladi.
“U yolg‘onga chidamaydi, buyruq bajarilishini talab qiladi. U va Prezident Sadir Japarov tufayli mamlakat rivojlanmoqda. Ularga sog‘lik, uzoq umr tilab qolamiz”, deydi hokim.
Oldinroq Suzoq tumanida so‘zga chiqqan Qamchibek Tashiyev bir paytlar Jalolobod shahar hokimi va deputatlarini ularning tortishuvlariga chek qo‘yish hamda ularni ishga majburlash uchun “kaltaklagani”ni ma’lum qilgan edi. Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari ular bilan ikki marta gaplashmoqchi bo‘lganini, uchinchi marta kaltaklaganini aytgandi. U o‘shanda bu mansabdorlar to‘rtinchi marta bo‘lganda “qamoqqa tushishi mumkin edi”, degandi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 24 sentyabr kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) raisi Qamchibek Tashiyev ishtirokidagi yig‘ilishda vazirlik va idoralarning rahbarlari hamda vakillaridan iborat 24 kishi qo‘lga olingandi.
Live
Barchasi