Japarov va Rahmon ham Yaponiya Imperatori bilan uchrashdi
Olam
−
12:18 1070 2 daqiqa
Bugun, 19 dekabr kuni Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov va Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon Tokio shahrida Yaponiya Imperatori Naruxito bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Bu haqda davlat rahbarlarining matbuot xizmatlari xabar berdi.
Imomali Rahmon va Imperator Naruxito Tojikiston va Yaponiya o‘rtasidagi munosabatlar masalalari muhokama qildi. Imomali Rahmon samimiy qabul va ko‘rsatilgan e’tibor uchun Yaponiya Imperatoriga minnatdorlik bildirdi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda Tojikiston va Yaponiya o‘rtasidagi munosabatlar savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va tomonlar uchun manfaatli bo‘lgan boshqa sohalardagi hamkorlikning keng doirasini qamrab olmoqda. Yaponiya tomonining infratuzilma, transport, energetika, qishloq xo‘jaligi va ekologiya, shuningdek, kadrlar tayyorlash, sog‘liqni saqlash va sanitariya sohalaridagi kichik va o‘rta loyihalarni amalga oshirishda ko‘rsatayotgan qo‘llab-quvvatlashi alohida ta’kidlandi. Shuningdek, o‘zaro manfaatli hamkorlikka oid boshqa masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

Sadir Japarov esa Yaponiya Imperatori Naruxito bilan do‘stona aloqalarni mustahkamlash, madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, Qirg‘iziston va Yaponiya xalqlari o‘rtasida o‘zaro anglashuv va ishonchni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.
Imperator Naruxito Davlat rahbarini samimiy qutlab, uning tashrifini qirg‘iz-yapon munosabatlarini yanada chuqurlashtirish yo‘lida muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

O‘z navbatida, Prezident qirg‘iz xalqi do‘st yapon xalqiga nisbatan samimiy iliq tuyg‘ularga ega ekanini, uning madaniyati va an’analarini yuksak qadrlashini qayd etdi.
Sadir Japarov Osaka shahrida o‘tkazilgan EKSPO–2025 Butunjahon ko‘rgazmasining muvaffaqiyatli o‘tganini yuqori baholadi hamda Qirg‘iziston Milliy paviloniga “Hayot imkoniyatlarini kengaytirish” nominatsiyasida oltin mukofot berilganini alohida ahamiyatli deb atadi.
Prezident Yaponiya texnologiyalari va ta’lim dasturlarining Qirg‘izistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishidagi muhim o‘rniga e’tibor qaratdi. Shuningdek, Yaponiya stipendiya dasturi yangi avlod davlat xizmatchilarini shakllantirishga xizmat qilayotgani alohida ta’kidlandi. Japarov Qirg‘iziston yoshlari orasida yapon tili va madaniyatiga qiziqish barqaror o‘sib borayotganini qayd etib, hozirgi kunda mamlakatdagi to‘rtta oliy o‘quv yurtida taxminan 700 nafar talaba yaponshunoslik va yapon tilini o‘rganayotganini bildirdi.
Sadir Japarov Imperatorning suv resurslari sohasidagi ilmiy faoliyatini yuksak hurmat bilan tilga oldi va tog‘li hududlarni barqaror rivojlantirish sohasida hamkorlikni chuqurlashtirishga qiziqish bildirdi. Shuningdek, u Imperator Naruxitoni 2027 yilda bo‘lib o‘tadigan Ikkinchi global tog‘ sammiti – “Bishkek+25” tadbirida ishtirok etishga taklif qildi.

Uchrashuv yakunida Prezident Sadir Japarov iliq qabul uchun minnatdorlik bildirib, Imperator Naruxitoni o‘ziga qulay vaqtda Qirg‘izistonga tashrif buyurishga taklif etdi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 18 dekabr kuni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, bugun, 19 dekabrda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Imperator Naruxito bilan uchrashgandi.
Live
Barchasi