Japarov o‘lim jazosini tiklashni taklif qildi
Olam
−
01 Oktabr 6083 3 daqiqa
Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov mamlakatda o‘lim jazosini joriy etishni taklif qildi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Askat Alagozov xabar berdi.
Japarovning bu qarorga kelishiga o‘smir Oysuluv Mukashevaning vahshiylarcha o‘ldirilishi sabab bo‘lgan.
Qayd etish joiz, joriy yilning 27 sentyabr kuni Oysuluv Mukasheva tushda Barskaun qishlog‘idan Qorako‘l shahriga jo‘nab ketib, bedarak yo‘qolgan edi. 29 sentyabr kuni uning jasadi uzoq dara yaqinidagi Jal-Ariq hududidan topilgan, u yerda qiz zo‘rlangani va o‘ldirilgani aniqlangan. Gumonlanuvchi Bishkekda qo‘lga olinib, qamoqqa olingan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Japarov esa ushbu voqealar ortidan bunday qotilliklarga o‘lim jazosini joriy qilishni taklif qilgan.
“Davlat rahbari jamoatchilikni larzaga solgan ushbu jinoyat haqidagi xabarni chuqur taassuf bilan qabul qildi. Shu bilan birga, Prezident Administratsiyasi Huquqiy ta’minot bo‘limi mudiri Murod Ukushevga qonun hujjatlariga bolalar va ayollarga nisbatan sodir etilgan jinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritish ustida ish olib borishni topshirdi. Xususan, ayollar va yosh bolalarni o‘ldirish, o‘lim jazosini qo‘llash uchun qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish ustida ish olib borishni topshirdi”, degan Alagozov.
Ma’lumot uchun, Qirg‘izistonda o‘lim jazosi 2007 yilda rasman bekor qilingan. Shu yilning 27 iyunida Jinoyat kodeksiga o‘zgartirish kiritilib, o‘lim jazosi o‘rniga umrbod qamoq joriy etilgan. Aslida esa 1998 yildan boshlab qatl ijrosi amalda to‘xtatilgan, ya’ni moratoriy amal qilgan. 2010 yilda Qirg‘iziston “Fuqarolik va siyosiy huquqlar bo‘yicha xalqaro pakt”ning ikkinchi ixtiyoriy protokolini ratifikatsiya qilib, o‘lim jazosini butunlay bekor qilish majburiyatini olgan. Konstitutsiyada ham “hech kim hayotdan mahrum etilmasligi kerak” degan norma bor. Shundan buyon mamlakatda o‘lim jazosi qo‘llanmaydi, uning o‘rnini umrbod qamoq egallagan. Ayrim deputatlar va siyosatchilar keyinchalik, masalan, bolalarga nisbatan og‘ir jinoyatlar uchun o‘lim jazosini qayta tiklash haqida takliflar kiritgan, hatto referendum o‘tkazish masalasi ham ko‘tarilgan. Lekin huquq faollari va xalqaro tashkilotlar buni qo‘llab-quvvatlamaydi va o‘lim jazosining qayta tiklanishini inson huquqlariga zid deb hisoblaydi. Shu sababli bugungi kunda Qirg‘iziston rasmiy ravishda o‘lim jazosi butunlay bekor qilingan davlat hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Vashington (Kolumbiya okrugi) hududida o‘lim jazosi joriy etilishi haqida farmon imzolagandi. Amerika rahbarining so‘zlariga ko‘ra, qaror poytaxtning maxsus maqomi bilan bog‘liq. Oq uyning ta’kidlashicha, Kolumbiya okrugida so‘nggi yillarda olib borilgan “yumshoq siyosat” jinoyatchilikning keskin o‘sishiga olib kelib, poytaxt aholisi, mehmonlari hamda federal idoralar faoliyatini xavf ostiga qo‘ygan.
Live
Barchasi