Germaniyaga kiberjinoyatlar 289 mlrd yevro zarar yetkazdi

Olam

image

So‘nggi 12 oy ichida Germaniya iqtisodiyoti ma’lumotlar o‘g‘irlanishi, sanoat josusligi va sabotajlar oqibatida 289,2 milliard yevro zarar ko‘rdi. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.

Mamlakatdagi raqamli uyushma – Bitkom ma’lumotiga ko‘ra, Germaniyadagi mingdan ortiq kompaniyaning 87 foizi o‘tgan bir yil davomida kiberhujumlar, ma’lumotlar o‘g‘irlanishi yoki josuslikka duch kelgan. Bir yil oldin bu ko‘rsatkich 81 foizni tashkil etgandi.

Qayd etilishicha, hujumlarning katta qismi Rossiya va Xitoy bilan bog‘liq. O‘tkazilgan so‘rovlarda kompaniyalarning 46 foizi kamida bir marta Rossiyadan kelgan kiberhujumga uchraganini bildirgan. Xitoy bilan bog‘liq urinishlarni ham xuddi shuncha korxona qayd etgan. Shuningdek, Sharqiy Yevropa mamlakatlari, AQSH va Germaniyaning o‘zidan ham xakerlik hujumlari aniqlangan. Biroq har uchinchi kompaniya tajovuzchilarning kelib chiqishini aniq belgilay olmagan.

Korxonalarning 28 foizi hujumlarda xorijiy maxsus xizmatlarning aloqasi bo‘lishi mumkinligini aytgan. 2024 yilda bu ko‘rsatkich 20 foiz, 2023 yilda esa 7 foiz bo‘lgan. Aksar hollarda esa tashkillashtirilgan jinoyatchilik faoliyati qayd etilgan.

Zarar ko‘lami nafaqat ishlab chiqarishning to‘xtab qolishi va moliyaviy yo‘qotishlarni, balki sud jarayonlari, shantaj va raqobatbardoshlikning pasayishini ham o‘z ichiga oladi.

Germaniya Konstitutsiyani himoya qilish federal idorasi rahbar o‘rinbosari Sinan Selen ma’lumotlarni sharhlar ekan, mamlakat yillar davomida Rossiya bilan bog‘liq tajovuzkorlar uchun nishonga aylanganini ta’kidlagan.

Bitkom rahbari Ralf Vintergerst esa kompaniyalarni kiberjinoyatchilikdan himoya choralarini kuchaytirishga chaqirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq xakerlar Braziliyaning olti bankidan taxminan 140 million dollar o‘g‘irlagandi. Ular bu jinoyatni C&M nomli IT kompaniyasining xodimi orqali amalga oshirgan. Ushbu kompaniya Braziliya Markaziy banki bilan moliyaviy muassasalar o‘rtasidagi aloqa tizimlarini ishlab chiqadi.


Maqola muallifi

Teglar

Germaniya kiberjinoyat Bitkom

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing