Germaniya Rossiyani saylovlarga aralashuv va kiberhujumlarda aybladi
Olam
−
13 dekabr 950 2 daqiqa
Germaniya rasmiylari Rossiya mamlakatning muhim infratuzilmasiga qarshi gibrid hujumlarni kuchaytirganini ma’lum qilib, buning oqibatida Rossiyani yangi choralar, jumladan, rossiyalik fuqarolarga kirish taqiqi va ularning aktivlarini muzlatish kabi sanksiyalar kutayotganini bildirdi. Bu haqda “Correctiv” xabar berdi.
Shu munosabat bilan kecha, 12 dekabr kuni Germaniya Tashqi ishlar vazirligi Rossiyaning Germaniyadagi elchisi Sergey Nechayevni vazirlikka chaqirgan.
“So‘nggi paytlarda Rossiya tomonidan gibrid faollik keskin oshganini kuzatyapmiz. Bunga dezinformatsiya kampaniyalari va josuslik, kiberhujumlar hamda sabotajga urinishlar kiradi”, deydi vazirlik matbuot kotibi Martin Gize.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Germaniya rasmiylarida Rossiya harbiy razvedka xizmati ishtirok etganini tasdiqlovchi inkor etib bo‘lmaydigan dalillar mavjud. Gap 2024 yil avgustida Germaniyaning havo harakatini boshqarish tizimiga qilingan xakerlik hujumi va 2025 yil fevral oyida bo‘lib o‘tgan parlament saylovlariga aralashuv haqida bormoqda.
Germaniya hukumatining fikricha, ovoz berish natijalariga Rossiyaning harbiy razvedka xizmati bilan bog‘liq Storm-1516 xakerlar guruhi ta’sir ko‘rsatishga uringan. TIV ma’lumotlariga ko‘ra, bu maqsadda siyosatchilar Fridrix Mers va Robert Xabekni obro‘sizlantirishga qaratilgan soxta videolar tarqatilgan. Aviatsiya xavfsizligi xizmatiga uyushtirilgan hujum ortida esa “APT 28” nomi bilan tanilgan, Fancy Bear deb ataluvchi boshqa xakerlik guruhi turgani taxmin qilinmoqda.
Rossiyaning Germaniyadagi elchixonasi bayonotiga ko‘ra, Sergey Nechayev Rossiya davlatining havo harakatini boshqarish tizimiga qilingan kiberhujumlar va Bundestag saylovlariga aralashuv bilan bog‘liqligi haqidagi ayblovlarni qat’iyan rad etgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Berlinning bu da’volari dalilsiz, asossiz va mantiqsizdir.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy Davlat xavfsizlik vazirligi AQSHning Milliy xavfsizlik agentligini (NSA) mamlakatning Milliy vaqt xizmati markazi (NTSC)ga kiberhujum uyushtirganlikda ayblagan edi.
Live
Barchasi