Farg‘onalik 130 yoshli onaxon Ginnesga kirishi mumkin
Jamiyat
−
12 Sentabr 19128 2 daqiqa
O‘zbekiston tarixida ilk bor 130 yoshli shaxsning tug‘ilganlik fakti belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, vazirlik tashabbusi bilan o‘tkazilgan “Hech bir shaxs hujjatsiz qolmaydi” aksiyasi davomida Farg‘ona viloyatining Buvayda tumani Adliya bo‘limi xodimlari tomonidan tumanning “Qoraqum” MFYda amalga oshirilgan xatlovlarda 1895 yilda tug‘ilgan Umarova (Toshmatova) Huvaydoning tug‘ilishi qayd etilmagani aniqlangan.
Buvayda tumani Adliya bo‘limi tomonidan kiritilgan da’vo ariza qanoatlantirilib, fuqarolik ishlari bo‘yicha Qo‘qon tumanlararo sudining Buvayda tumani “Qoraqum” MFYda o‘tkazgan sayyor sud majlisida Umarova (Toshmatova) Huvaydoning 1895 yil 1 yanvarda Buvayda tumanida tug‘ilganlik fakti belgilangan.

“Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, siz avval ham 130 yoshli Huvaydo momo haqida eshitgansiz, lekin momoning 130 yoshda ekanini isbotlovchi fakt yo‘q edi. Ana endi rasman Umarova Huvaydo momo O‘zbekistondagi eng yoshi ulug‘ inson hisoblanadi. Huvaydo momo Ginnesning rekordlar kitobiga dunyodagi eng yoshi ulug‘ inson sifatida ham kiritilishi mumkin. Voqealar rivojini kuzatamiz”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 21 avgust kuni dunyodagi eng keksa inson sifatida tan olingan Etel Katerxem o‘zining 116 yoshini nishonlagani xabar qilingan edi. Katerxem 1909 yilning 21 avgustida Xempshir grafligida tug‘ilgan. U sakkiz farzandli oilaning a’zosi bo‘lgan. Uning opasi Gledis Babilas ham uzoq umr ko‘rib, 2002 yilda 104 yoshida vafot etgan.
Live
Barchasi