Pashinyan Tramp va Aliyev bilan uchrashuvdan so‘ng Putinga sim qoqdi
Olam
−
11 avgust 7725 2 daqiqa
Bugun, 11 avgust kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Armaniston hukumati rahbari Oq uyda AQSH va Ozarbayjon Prezidentlari Donald Tramp va Ilhom Aliyev bilan uchrashuvi haqida so‘zlab bergan.
“Vladimir Putin Yerevan va Baku o‘rtasida barqaror tinchlikni ta’minlashga hissa qo‘shadigan qadamlar muhimligini ta’kidladi. Rossiya tomoni 2020-2022 yillarga mo‘ljallangan eng yuqori darajadagi mashhur uch tomonlama kelishuvlarga muvofiq, Armaniston-Ozarbayjon munosabatlarini har tomonlama normallashtirishga, jumladan, transport aloqalari blokirovkasini olib tashlashga ko‘maklashishga tayyor”, deyiladi Kreml bayonotida.
Putin Pashinyanga AQSH Prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff bilan suhbatning asosiy natijalari va Tramp bilan Alyaskadagi uchrashuvga tayyorgarlik haqida gapirdi.
AQSH Prezidenti Donald Tramp va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin kelasi juma kuni AQSHning Alyaska shtatida uchrashib, Ukrainadagi urush kelajagini muhokama qiladi. Tramp 15 avgust kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishni ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qildi va keyinroq buni Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham tasdiqladi. Pashinyan inqirozni “tinch yo‘l bilan hal qilishga qaratilgan” qadamlarni olqishladi.
Shuningdek, Rossiya va Armaniston o‘rtasidagi savdo va sarmoyaviy hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Ozarbayjon va Armaniston 8 avgust kuni AQSH vositachiligida Qo‘shma Shtatlar Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuv chog‘ida ko‘p yillik mojarolardan so‘ng ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarni rivojlantiruvchi va ularni o‘zaro munosabatlarni to‘liq normallashtirishga olib keladigan tinchlik bitimini imzolagandi. Trampning aytishicha, ikki davlat urushni to‘xtatish, diplomatik munosabatlarni ochish va bir-birining hududiy yaxlitligini hurmat qilish majburiyatini olgan. O‘zbekiston Tramp vositachiligidagi Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi tinchlik muzokaralarida muhim natijaga erishilganini olqishladi. Uchrashuvda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Trampni Tinchlik uchun Nobel mukofotiga nomzod qilib ko‘rsatish niyatida ekanini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, 10 avgust kuni Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi. Ular Ozarbayjonning SOCAR kompaniyasining Ukrainadagi neft bazasiga Rossiya havo kuchlarining zarbalarini qoraladi. Shu bilan birga, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Ukrainaga gumanitar yordam ko‘rsatish uchun mamlakat Energetika vazirligiga 2 million dollar ajratish haqidagi farmonni imzoladi.
Live
Barchasi