Aliyev Rossiyani Ozarbayjon energetika ob’ektlariga hujum qilishda aybladi
Olam
−
11 avgust 16046 2 daqiqa
Kecha, 10 avgust kuni Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi. Ular Ozarbayjonning SOCAR kompaniyasining Ukrainadagi neft bazasiga Rossiya havo kuchlarining zarbalarini qoraladi. Bu haqda Ozarbayjon Prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
“Telefon muloqoti chog‘ida tomonlar Rossiyaning Ozarbayjonning SOCAR kompaniyasining neft bazasi va Ukraina hududidagi mamlakatimizning boshqa ob’ektlari, shuningdek, Ozarbayjon gazini Ukrainaga olib o‘tayotgan gaz-kompressor stansiyasiga nishonga olgan aviazarbalarini qoraladilar va bu hech qanday holatda Ozarbayjon va Ukraina o‘rtasidagi energetika sohasidagi hamkorlikni to‘xtatib qo‘ymasligiga ishonch bildirdi”, deyiladi xabarda.
Zelenskiy ham ushbu suhbat haqidagi xabarida Ozarbayjonni Rossiyaning Ukraina energetika inshootlariga zarbalari haqida xabardor qilganini eslatib o‘tdi.
“Ukraina buni Rossiyaning bizga va boshqa Yevropa mamlakatlariga energetika mustaqilligini kafolatlaydigan energiya yo‘llarini to‘sib qo‘yishga qaratilgan maqsadli urinishi deb hisoblaydi”, deya qo‘shimcha qildi u.
Bundan tashqari, Ukraina Prezidenti Aliyevni AQSH Prezidenti Donald Tramp yordamida erishilgan Baku va Yerevan o‘rtasidagi kelishuvlar bilan tabrikladi.
6 avgustga o‘tar kechasi Rossiya Odessa viloyatida, Ukraina-Ruminiya chegarasi yaqinida joylashgan Ukraina gaz kompressor stansiyasiga zarba berdi. Kiyev ma’lumotlariga ko‘ra, bu stansiya Gretsiyaning suyultirilgan gaz terminallarini Trans-Bolqon gaz quvuri orqali Ukraina gaz saqlash ob’ektlari bilan bog‘lovchi yo‘nalishda ishtirok etadi. U gazni AQSHdan, sinov tariqasida esa Ozarbayjondan yetkazib bergan.
8 avgustga o‘tar kechasi Rossiya Odessa viloyatidagi Ozarbayjon davlat kompaniyasining SOCAR neft bazasiga uchuvchisiz samolyotlar bilan hujum qildi. Oqibatda yong‘in sodir bo‘lib, dizel yoqilg‘isi quvuri shikastlangan.
Rossiya Mudofaa vazirligining xabar berishicha, 2-8 avgust kunlari Ukrainada mamlakat mudofaa sanoatining “korxonalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlovchi gaz transporti tizimi ob’ektlariga” zarba berilgan. Rossiya vazirligining ta’kidlashicha, zarbalar faqat Ukrainadagi harbiy va energetika ob’ektlari hamda tegishli infratuzilmaga berilgan.
Bu bayonot Aqtauda Ozarbayjon samolyotining qulashi va Ozarbayjon fuqarolarining Yekaterinburgda hibsga olinishi tufayli yuzaga kelgan Moskva va Baku munosabatlaridagi so‘nggi keskinlik bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, SOCAR'ning butun Ukraina bo‘ylab 60 ga yaqin yoqilg‘i quyish shoxobchalari, shuningdek, bir nechta neft bazalari mavjud.