Zelenskiy Rossiya bilan muzokara o‘tkazish shartini aytdi
Olam
−
11 iyul 14362 2 daqiqa
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Moskva bilan keyingi muzokaralar shartlarini aytdi. Bu haqda Zelenskiy kecha, 10 iyul kuni Rimda Ukrainani urushdan keyingi qayta tiklash bo‘yicha 4-xalqaro konferensiya doirasida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
“Biz ikkinchi uchrashuvda tomonlar kelishib olgan narsalarni yakunlashimiz kerak – Istanbulda kelishilgan almashinuvlarni yakunlashimiz kerak”, dedi u.
Ma’lumki, 2 iyun kuni Istanbulda Rossiya va Ukraina vakillari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarning ikkinchi raundi bo‘lib o‘tgandi. Tomonlar og‘ir yaralangan askarlar va 25 yoshgacha bo‘lgan asirlarni almashish, shuningdek, urushda halok bo‘lgan 6000 nafar harbiy xizmatchilarning jasadini bir-biriga topshirishga kelishib oldi.
Shundan so‘ng, bir qator harbiy asirlar almashinuvi bo‘lib o‘tdi – xususan, 9, 10, 12, 19 va 20 iyun kunlari. Shu bilan birga, o‘liklarning jasadlarini almashtirish davom etdi. Vladimir Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, almashinuvlar yaqin orada yakunlanadi.
“Faqat shundan keyingina jamoalar samarali variantni muhokama qilish – yetakchilar darajasidagi uchrashuvni tayyorlashga o‘tishlari mumkin bo‘ladi”, dedi u.
Zelenskiy uchun eng maqbul format bu davlat rahbarlari darajasidagi Ukraina-Rossiya-AQSH formatidir.
“Stolda nafaqat so‘zlar, balki aniq kafolatlar ham eshitilishi kerak”, deb ta’kidladi u.
Shu bilan birga, Ukraina Prezidenti Vatikan, Avstriya, Shveysariya va Turkiya allaqachon muloqot uchun platformalar taqdim etishni taklif qilganini eslatdi.
Ma’lumot uchun, 10-11 iyul kunlari Rimda bo‘lib o‘tgan konferensiyada 20 dan ortiq hukumat va 100 dan ortiq kompaniya vakillari ishtirok etmoqda. Italiya Bosh vaziri Jorjiya Meloni avvalroq forum ishtirokchilari Kiyevga yordam berish uchun 10 milliard yevrodan ortiq mablag‘ ajratish majburiyatini olganini ma’lum qildi.
Kiyevning hisob-kitoblariga ko‘ra, uch yildan ortiq davom etgan urushdan so‘ng, Ukrainani 14 yil ichida tiklash uchun 850 milliard yevro kerak bo‘ladi. Ukraina Bosh vaziri Denis Shmigal ittifoqchilarni 2026 va 2027 yillardagi Ukraina byudjeti taqchilligini qoplash uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratishga chaqirdi.
“Harbiy xarajatlar hozirda 100-120 milliard dollarni tashkil etadi. Tinchlik davrida va qurol ishlab chiqarishni hisobga olmagan holda, Ukraina qo‘shinlarini saqlash yiliga 50 milliard yevroga tushadi. Biz Yevropa Ittifoqi bu miqdorning yarmini berishini kutamiz”, dedi Shmigal.
Live
Barchasi