Rossiyada qo‘lga olingan ozarbayjonliklarga ayblov e’lon qilindi
Olam
−
03 iyul 6629 2 daqiqa
Rossiya Tergov qo‘mitasi Yekaterinburgda 27 iyun kuni o‘tkazilgan reyd doirasida hibsga olingan shaxslar – Mazahir Safarov, Akif Safarov, Ayaz Safarov, Axliman Ganjiyev, Shaxin Lalayev va Bakir Safarovga rasmiy ayblov qo‘yilganini e’lon qildi. Bu haqda qo‘mitaning o‘zi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, tergovchilar ularni Yekaterinburgda 2001 yilda Yunus Pashayevni o‘ldirish, 2010 yilda Fehruz Shirinovga suiqasd qilish va 2011 yilda Ikram Gadjiyevni o‘ldirish kabi og‘ir jinoyatlarda ayblamoqda. Ushbu jinoyatlar sababi biznesdagi ta’sir doiralarini bo‘lishish va shaxsiy adovat bilan izohlanmoqda. Ularning besh nafariga oldindan til biriktirib, buyurtma asosida odam o‘ldirish va suiqasd moddalari bo‘yicha ayblov qo‘yilgan. Barcha gumonlanuvchilar Rossiya fuqarolari bo‘lib, ulardan biri jinoyat joyida ko‘rsatma berib, sheriklarini fosh qilgan.
Shu bilan birga, Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi Rossiya elchisini chaqirib, mazkur reyd davomida huquq-tartibot organlari tomonidan ikki nafar Ozarbayjon fuqarosi Husayn va Ziyoddin Safarovlar o‘ldirilgani va bu harakatlar ikki tomonlama munosabatlarga zarar yetkazgani sabab norozilik bildirgan.
Baku rasmiy Moskvaning bergan izohlari jasadlarda aniqlangan zo‘ravonlik izlari va ekspert xulosalari bilan zid ekanini ta’kidlagan. Shuningdek, Rossiya ommaviy axborot vositalarida ozarboyjonliklarga nisbatan “etnik jinoyatchi guruh” kabi atamalarni qo‘llanishi ksenofobiyaga teng deb baholangan. Ozarbayjon tomoni Rossiyadan bu holatni xolis tergov qilishni va aybdorlarni jazolashni talab qilmoqda.
Ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashgan. Yekaterinburgdagi ommaviy hibslar ortidan Bakuda “Sputnik Ozarbayjon”ning ikki xodimi Rossiya Fereral xavfsizlik xizmatiga ishlashda gumon qilinib, ularga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Baku “Sputnik Ozarbayjon” agentligi vakillarini hibsga olgan, ularni noqonuniy faoliyat va Rossiyaga agentlik qilishda ayblamoqda. Rossiya esa bu hatti-harakatlarni “nodo‘stona” deb atab, Ozarbayjon elchisini Tashqi ishlar vazirligiga chaqirgan va jurnalistlarni ozod qilishni talab qilgan. Bundan tashqari, Baku shahrining Sabail tuman sudi narkotik moddalarni tranzit qilishda ayblanayotgan sakkiz nafar Rossiya fuqarosiga nisbatan to‘rt oylik qamoq jazosi ko‘rinishida ehtiyot chorasini qo‘llashga qaror qildi.
Live
Barchasi