Rossiyada qamoqqa olingan 8 ozarbayjonliklarning hibsda qolish muddati uzaytirildi
Olam
−
16 iyul 3602 2 daqiqa
Rossiyaning Yekaterinburg shahridagi Verx-Isetskiy tuman sudi jinoiy guruh ishi bo‘yicha o‘tgan oy hibsga olingan sakkiz nafar Ozarbayjon fuqarosining hibsda qolish muddatini 19 oktyabrgacha uzaytirdi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.
Sud majlislari yopiq eshiklar ortida, matbuot ishtirokisiz, lekin Ozarbayjonning Yekaterinburgdagi Bosh konsulligi vakillari ishtirokida o‘tgan.
Tuman sudining ma’lum qilishicha, Kamol, Akif, Ayaz, Mazohir va Bakir Safarovlar hamda Ahliman Ganjiyevga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi 3 oyga uzaytirilgan. Shahin Lalayev va Aziz Abbosovga nisbatan materiallar ham biroz kechroq ko‘rib chiqildi va ularning hibsda qolish muddati ham 19 oktyabrgacha uzaytirildi.
Gap Rossiya va Ozarbayjon orasidagi munosabatlar yomonlashishiga olib kelgan hibsga olishlar haqida ketmoqda. Iyun oyining oxirida Rossiyaning Yekaterinburg shahrida o‘tgan yillardagi qotillik ishi doirasida asli ozarbayjonlik bo‘lgan ko‘plab kishilar qo‘lga olindi. Reyd davomida ikki kishi – aka-uka Safarovlar vafot etdi. Yekaterinburg sudi esa ish doirasida 8 nafar ayblanuvchini, xususan, Mazohir, Ayaz, Akif, Bakir va Kamol Safarovlar, Ahliman Ganjiyev, Shahin Lalayev va Aziz Abbosovni 19 iyulgacha hibsga olgan. Ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 105-moddasi 2-qismi “g” bandi – avval ayrim a’zolari qo‘lga olingan uyushgan guruh tomonidan sodir etilgan qotillik bo‘yicha ayblov qo‘yilgan.
Viloyat sudlari birlashgan matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 19 iyulga qadar qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi bo‘yicha ish bo‘yicha sakkiz nafar sudlanuvchidan yetti nafarining himoyasi apellyatsiya qilingan. Viloyat sudi Ayaz Safarovni hibsga olish haqidagi qarorni o‘z kuchida qoldirgan, Akif Safarovning shikoyatini esa birinchi instansiya sudiga qaytargan va “protsessual masalalar” tufayli uni ko‘rishdan qaytarib olgan.
Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi Yekaterinburgdagi hibslar munosabati bilan Rossiyaning mamlakatdagi vaqtinchalik ishlar vakili Pyotr Volokovni chaqirtirgandi. Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova rossiyalik diplomatning Ozarbayjon TIVga chaqiruvini izohlar ekan, u zarur tushuntirishlar berganini va vaziyat huquq-tartibot idoralari nazoratida ekanini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, gumonlanuvchilar “asli ozarbayjonlik bo‘lgan Rossiya fuqarolari”.
Eslatib o‘tamiz, 27-iyun kuni ertalab FSB, Tergov qo‘mitasi va Rosgvardiya xodimlari Yekaterinburgdagi ozarbayjonliklarning uylarida reydlar o‘tkazgan edi. Operatsiyada 10 dan ortiq kishi qo‘lga olindi. Hibsga olinganlar Rosgvardiya shtab-kvartirasiga olib ketilgani va u yerda qiynoqqa solinganm aytiladi. Oqibatda ikki nafar Ozarbayjon fuqarosi Ziyovuddin Safarov va Husayn Safarov halok bo‘lgan, yana bir necha kishi jarohatlangan.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr