Kurs UZS

USD

12 968.38

-4.93

EUR

14 343.03

14.01

RUB

152.37

1.18

Trampning tariflari Osiyo fond bozorlarini qulatdi

Olam

image

Osiyo – Tinch okeani mintaqasi fond bozorlari o‘tgan hafta AQSH Prezidenti Donald Tramp tomonidan e’lon qilingan tariflarga javoban shiddat bilan pasayishda davom etmoqda. Bu haqda BBC xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Tinch okeani mintaqasining 13 mamlakatidan yirik va o‘rta kapitallashuvga ega kompaniyalarni o‘z ichiga olgan MSCI Asia Pacific indeksi 2008 yildan beri eng kuchli pasayishni ko‘rsatgan (-7,1 foiz), Yaponiyaning Nikkei 225 esa “ayiq bozori” zonasiga kirgan - ya’ni avvalgi maksimal ko‘rsatkichdan 20 foiz yoki undan ko‘proqqa pasaygan.

Qayd etilishicha, butun dunyo bo‘ylab sotiladigan tovarlarning aksariyati Osiyoda ishlab chiqarilgani sababli, Osiyo mamlakatlari va hududlari AQSH tomonidan joriy etilgan tariflardan to‘g‘ridan to‘g‘ri aziyat chekmoqda. Ular, shuningdek, global savdo urushi dunyoning eng yirik iqtisodiyotida pasayish yoki hatto tanazzulga olib kelishi mumkinligidan xavotirda.

“Bu qonli qirg‘in”, deya BBCʼga izoh bergan tahlilchilardan biri.

Uoll-stritdagi investitsiya kompaniyalari Tramp ma’muriyatining tariflar haqidagi e’lonlari fonida o‘z prognozlarini qayta ko‘rib chiqqan. JPMorgan endi AQSH va dunyoda retsessiya (iqtisodiy o‘sish sur’atining sekinlashishi) ehtimolini 60 foiz deb baholagan.

Kecha, 6 aprel kuni Air Force One samolyotida jurnalistlar oldida chiqish qilgan Tramp bozorlarning pasayishi uni xavotirga solmayotganini ma’lum qilgan.

“Biror narsa qulab tushishini xohlamayman. Ammo ba’zida nimanidir to‘g‘rilash uchun dori ichishga to‘g‘ri keladi”, deya munosabat bildirgan u.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, u dam olish kunlari Yevropa va Osiyo yetakchilari bilan suhbatlashgan, ular Trampni shu haftada kuchga kirishi kerak bo‘lgan tariflarni pasaytirishga ko‘ndirishga umid qilmoqda.

“Ular muzokaralar stoliga o‘tirishmoqchi. Ular gaplashishni istaydi, biroq ular bizga har yili ko‘p pul to‘lamasa, suhbat bo‘lmaydi”, degan Tramp.

AQSH iqtisodiyotining jiddiy sekinlashuvi Osiyo eksportiga zarba berishi mumkin, chunki Amerika bozori mintaqadagi tovarlar uchun asosiy bozorlardan biri hisoblanadi

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp boshqa mamlakatlar tovarlariga boj joriy etishini ma’lum qildi. Prezidentning ta’kidlashicha, “o‘n yilliklar” davomida AQSH boshqa davlatlar bilan savdo to‘siqlarini kamaytirgan, bu davlatlar esa “AQSH mahsulotlariga ulkan bojlar o‘rnatgan”.

Ba’zi davlatlar allaqachon Amerika bojlariga javob choralarini e’lon qilgan. Masalan, Tramp 54 foizlik boj joriy etgan Xitoy 10 apreldan boshlab AQSHdan import qilinadigan barcha tovarlarga 34 foizlik qo‘shimcha bojlar joriy etayotganini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp boj savdo urushi Tinch okeani Osiyo tariflar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing