NATOning Ukrainaga qo‘shin kiritishini qabul qilib bo‘lmaydi – Lavrov

Olam

image

NATOga a’zo davlatlarning harbiy kontingentlarini Ukrainaga joylashtirish Moskva uchun qabul qilib bo‘lmas holat. Bu haqda bugun, 18 fevral kuni Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgan Rossiya-Amerika muzokaralaridan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Tashqi ishlar vaziri AQSHning Yevropa Ittifoqiga bir qator savollar, jumladan, Ukrainada urush tugagandan so‘ng tinchlikparvar kuchlarni jo‘natish ehtimoli bo‘yicha so‘rov yo‘llagani haqidagi xabarlarga shu tariqa munosabat bildirgan.

“Agar NATO davlatlari qo‘shinlari Ukrainaga Yevropa Ittifoqi yoki milliy bayroqlar ostida kirsa ham, bu biz uchun hech narsani o‘zgartirmaydi. Biz, albatta, bunga rozi bo‘lmaymiz”, deydi Lavrov.

Lavrovning ta’kidlashicha, Ukrainaning NATO tarkibiga kiritilishi Rossiya suverenitetiga bevosita tahdid soladi. U, shuningdek, ushbu pozitsiyani Rossiya diplomati AQSH delegatsiyasiga yetkazganini qo‘shimcha qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buyuk Britaniya sobiq mudofaa vazirlari Grant Shepps va Gevin Uilyamson harbiy harakatlar tugaganidan keyin Ukrainaga “tinchlikparvar qo‘shinlari”ni yuborishi kerakligini aytgan edi. Sheppsning so‘zlariga ko‘ra, Britaniya “Putinning noqonuniy bosqiniga qarshi” Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda birinchi o‘rinda bo‘lgan va London endi Kiyevga NATOga a’zo bo‘lishida yordam berishi kerak.

Keyinroq, Polsha Bosh vaziri Donald Tusk Varshava Ukrainaga o‘z harbiylarini tinchlikparvar missiya doirasida yuborish niyatida emasligini, biroq bunday qaror qabul qiladigan davlatlarga logistika va siyosiy jihatdan yordam berishga tayyor ekanini bildirdi. Mahalliy matbuotning yozishicha, Varshava tarixiy sabablarga ko‘ra bunday missiyada ishtirok etishdan manfaatdor emas – Ikkinchi jahon urushidan oldin hozirgi G‘arbiy Ukrainaning bir qismi Polshaga tegishli bo‘lgan. Shuningdek, Shvetsiya Tashqi ishlar vaziri Mariya Malmer Stenergard Stokgolm urush tugaganidan so‘ng Ukrainaga tinchlikparvar kuchlar yuborish ehtimolini ko‘rib chiqayotganini aytdi. Biroq bunga qadar Yevropa adolatli va barqaror tinchlikka erishishi kerak.


Maqola muallifi

Teglar

NATO Rossiya Moskva Rossiya-Ukraina Saudiya Arabistoni Ukraina Sergey Lavrov Rossiya-Amerika muzokaralari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing