Saudiya istasa, o‘z hududida Falastin davlatini yaratsin – Netanyaxu

Olam

image

Isroil Falastin davlatini yaratish sharti bilan hech bir davlat bilan munosabatlarni normallashtirishni qabul qilmaydi. Bu haqda Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Ar-Riyodning Falastin davlatini yaratish sharti bilan Isroil bilan munosabatlarni normallashtirishga tayyorligi haqidagi bayonotini sharhlab, “Channel 14” telekanaliga ma’lum qildi.

“Agar Falastin davlatini yaratmoqchi bo‘lsalar, Saudiya Arabistonida ham tuzishlari mumkin. Ularning katta hududlari bor” dedi Isroil hukumati rahbari.

Netanyaxuning ta’kidlashicha, Tel-Aviv Falastin davlatini yaratishga rozi bo‘lmaydi, chunki bu “HAMAS uchun g‘alaba va Isroil uchun mag‘lubiyat” bo‘ladi.

Trampning G‘azoni egallash g‘oyasini dunyo qanday qabul qildi? north_east

Trampning G‘azoni egallash g‘oyasini dunyo qanday qabul qildi?

“Isroil davlatni xavf ostiga qo‘yadigan hech qanday kelishuvni imzolashga rozi bo‘lmaydi”, deb ta’kidladi Netanyaxu.

Qayd etish joiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Saudiya Arabistoni Isroil bilan munosabatlarni normallashtirish sharti sifatida Falastin davlatini yaratishni rad etganini aytgandi. Oradan ko‘p o‘tmay Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vazirligi Oq uy rahbarining bayonotini rad etdi.

“Saudiya Arabistonining Falastin davlatini barpo etish bo‘yicha pozitsiyasi qat’iy va o‘zgarmasdir, valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon ham buni hech qanday sharoitda izohlashga o‘rin qoldirmasdan, aniq va ravshan tarzda tasdiqladi”, deyiladi Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vazirligining X ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilingan bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp AQSH G‘azo sektori nazoratini va mintaqadagi tiklash ishlarini o‘z zimmasiga olishini, shuningdek, uni butun dunyo uchun “Yaqin Sharq riveyrasiga” aylantirishini aytgandi. Shuningdek, u hozirgi G‘azo sektorini “vayrona maydon” deb atab, uning aholisiga boshqa davlatlarga, masalan, Iordaniya yoki Misrga doimiy ravishda ko‘chib ketishni taklif qilgan. Bu taklifni Misr, Iordaniya, Saudiya Arabistoni, Qatar, Birlashgan Arab Amirliklari, Falastin ma’muriyati va Arab davlatlari ligasi vakillari rad etib, bunday harakat mintaqadagi barqarorlikka tahdid solishi, nizolarni kuchaytirishi va tinchlik imkoniyatlarini zaiflashtirishini ta’kidlagan. Shuningdek, Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi bu taklifga javoban isroilliklarni Grenlandiyaga jo‘natishni taklif qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Saudiya Arabistoni Falastin Isroil Bin'yamin Netan'yaxu

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing