“Zulfiya” mukofotiga yangi yo‘nalish qo‘shildi
Jamiyat
−
08 fevral
6559Endilikda xotin-qizlar uchun beriladigan Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini axborot texnologiyalari yo‘nalishida ham olish mumkin. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Bildirilishicha, Prezidentning 2024 yil 7 fevraldagi farmoni bilan “Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini ta’sis etish bo‘yicha takliflarni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi Farmonga o‘zgartirish kiritildi. Unga ko‘ra, endilikda axborot texnologiyalari yo‘nalishida alohida yutuqlarga erishgan iqtidorli xotin-qizlar Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlanadi.
Shuningdek, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti komissiyasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi huzurida jamoatchilik asosida faoliyat ko‘rsatishi hamda unga Bosh vazir o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi rahbarlik qilishi belgilandi.
Bundan tashqari, mukofotni olish uchun talabgorning so‘nggi 3 yil mobaynidagi ibratli faoliyati, ta’lim, fan, adabiyot, madaniyat, san’at, sport, axborot texnologiyalari sohalari va jamoatchilik faoliyatidagi alohida yutuqlariga oid hujjatlar taqdim etilishi belgilandi. Ushbu muddat ilgari 2 yil edi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning 7 mart kuni Zulfiya nomidagi Davlat mukofotining 2023 yilgi sovrindorlari ro‘yxati e’lon qilingan hamda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi mukofot sovrindorlarining har biriga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida pul mukofoti berilishini ta’minlaydigan bo‘lgandi.