Zoyir Mirzayev vino festivali o‘tkazish uchun 1 mlrd ajratdi
Jamiyat
−
24 avgust
13035Toshkent viloyatining Parkent tumani Zarkent qishlog‘ida “Uzum sayli” xalqaro vino festivalini o‘tkazish maqsadida tashkiliy xarajatlar uchun tuman mahalliy byudjetiga 1 mlrd 300 mln so‘m mablag‘ ajratildi. Bu haqdagi viloyat hokimi Zoyir Mirzayevning tegishli farmoyishi qabul qilingan.
Hujjatga ko‘ra, Parkent tumani hokimi Sardor Isaqulovga ajratilgan mablag‘ni maqsadli va samarali sarflanishini ta’minlash yuklatilgan.
Shuningdek, Sardor Isaqulovning tegishli farmoyishi bilan “Uzum sayli” xalqaro festivali tadbiri o‘tkaziladigan va tadbir ishtirokchilari hamda mehmonlarning tashrifi kutilayotgan Zarkent qishlog‘i hududidagi 4K720 avtomobil yo‘li “Parkent-Zarkent-So‘qoq” avtomobil yo‘lining Yangiobod MFY chorrahasidan Davlatobod MFY hududigacha bo‘lgan oraliqda jamoat tartibini hamda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha transport vositalarining harakatini joriy yil 23 avgust kunidan 25 avgust kuniga qadar vaqtincha cheklash, temir-beton to‘siqlar o‘rnatish belgilangan.
Angren shahar hokimi Alisher Rayimovning farmoyishi bilan esa “Uzum sayli” xalqaro bayram tadbiriga tayyorgarlik ko‘rish, uni yuqori saviyada o‘tkazish, hamda tadbirga tayyorgarlik ko‘rish jarayonlarida shahardan jalb qilingan ishtirokchilarning transport xarajatlari uchun 35 million so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan.
Bundan tashqari, Jizzax viloyati G‘allaorol tumani hokimi Jaloliddin Oqboyevning farmoyishiga ko‘ra, “Uzum sayli” vinochilik festivalida tuman Madaniyat markazining ijodiy jamoasi ishtirok etishi bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun tuman hokimining 2024 yilgi zaxira jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan, 7 mln 200 ming so‘m miqdoridagi mablag‘ni tuman Madaniyat bo‘limiga ajratilgan.
LiveBarchasi