Zoyir Mirzayev o‘qituvchining do‘pposlanishini o‘z nazoratiga oldi

Jamiyat

image

Qashqadaryoda ingliz tili o‘qituvchisi maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarining o‘g‘liga 2 baho qo‘ygani uchun do‘pposlangani kun tartibida turgshan asosiy masalalardan biri bo‘lmoqda. Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev o‘qituvchining kaltaklanishiga munosabat bildirdi. Bu haqda “Nasafnews” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev 100 kilometrlik masofaga – Qarshi tumanidan Chiroqchi tumaniga qatnab ishlaydigan ingliz tili fani o‘qituvchisi Shohnur Oqqo‘ziyev bilan onlayn muloqot qilgan.

“Tarqalgan xabarlarni o‘qidim. Biz bu holatni huquq-tartibot idoralariga aytdik. Baribir oxiriga yetadi. Jarayon o‘zimning nazoratimda. Siz qishloqqa ziyo tarqatishga borgansiz. Albatta, buning qadriga yetgan odam yetadi. Qadriga yetmagan odam o‘z farzandiga, avlodining kelajagiga jabr qiladi. Sizga o‘xshab farzandining til bilishini xohlagan odam unday ish qilmasligi kerak. Bu judayam axloqsizlik, men juda yomon baholayman bu holatni”, deydi Zoyir Mirzayev.

Hokim muloqot davomida vaziyatga munosabat bildirmagan Chiroqchi faollari va deputatlarini tanqid qilib, o‘qituvchini shaxsan o‘zi qo‘llab-quvatlashini ma’lum qilgan.  Shuningdek, viloyat hokimi o‘qituvchining plastik kartasiga uzoq hududga qatnab ishlayotgani uchun 10 million so‘m yo‘l haqi tashlab berilishini aytgan.

Eslatib o‘tamiz, Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani 134-umumiy o‘rta ta’lim maktabining ingliz tili o‘qituvchisi Shohnur Oqqo‘ziyev joriy yilning 6 aprel kuni o‘quvchilardan birining akalari tomonidan do‘pposlandi.

Shohnur Oqqo‘ziyev o‘z darsida shu maktab o‘quvchisi M.O. ga “2” baho qo‘ygani sababli maktab o‘quvchisi M.O. ushbu holatni akasi X.B. ga aytgan. X.B. shu kuni soat 12:00 larda ikkita tanishi bilan maktabga kelib, ingliz tili fani o‘qituvchisi Sh.O. ning harakatidan norozi bo‘lib, maktab hududida unga tan jarohati yetkazgan.

Mazkur holat tuman IIO FMB navbatchilik qismidan belgilangan tartibda qayd etilib, tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan.

Hozirgi kunda mazkur holat yuzasidan Chiroqchi tuman IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.

Avvalgi xabarda ham qayd etilganidek, kaltaklangan o‘qituvchi Shohnur Oqqo‘ziyevning aytishicha, janjalni maktab o‘qituvchilari to‘xtatib qolgan. O‘quvchining akalari esa ketayotib, “kechasi so‘yib ketish” bilan ham tahdid qilgan.

Eng qizig‘i, 2 baho olib, akalarini yetaklab kelgan o‘quvchi maktabning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Abdunosir Hoshimovning o‘g‘li va uni kaltaklagan yigitlar esa maktabning sobiq o‘quvchilari ekani aytilmoqda.

Jabrlangan o‘qituvchining onasiga ko‘ra, o‘g‘li 4-kursdaligida viloyat hokimi Zoyir Mirzayev "chekka hududga borib dars berish" evaziga kontraktini to‘lab bergan. Shu bois u Qarshi tumanidan 100 km uzoqda joylashgan Chiroqchi tumaniga qatnab, ingliz tili o‘qituvchisi bo‘lib ishlayotgan edi.

Ma’lum bo‘lishicha, ayni paytda Sh.O. viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining Neyroxirurgiya bo‘limida davolanmoqda. Uning bilaklari, beli va oyog‘iga jiddiy shikast yetkazilgan.

Yulduz Abdurashidova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

126

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing