Zoyir Mirzayev Qibrayda yer sotish kasb darajasiga chiqqanini aytdi
Jamiyat
−
19 avgust 2023
10613Toshkent viloyati Qibray tumanining joriy yil 2 avgust kuni Prezident topshirig‘i bilan lavozimidan ozod etilgan hokimi Mira’zam Mirqosimov tumandagi noqonuniy xatti-harakatlar uchun javobgarlikka tortilgan yoki tergovga jalb qilingan bo‘lishi mumkin. Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayevning kecha, 18 avgust kuni Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashi so‘zlagan nutqidan yuqoridagilarni anglash mumkin.
Nurafshon shahrida bo‘lib o‘tgan sessiyada Zoyir Mirzayev Qibray hokimi lavozimidan ozod etilgach, uning barcha o‘rinbosarlari, hokimlikning barcha mansablari ham bo‘shatilayotganini aytdi.
“Men nima uchun kecha Qibray tumanidagi sessiyada bo‘lganimda hokimiyatning hamma xodimini ishdan bo‘shatasan, dedim?! O‘rinbosarlarning hammasini ishdan oldik kecha. Xodimlarini ham olib tashlaymiz ishdan”, deydi viloyat hokimi.
Uning bildirishicha, bo‘shagan o‘rinlarga qibraylik yosh yigit-qizlar keladi.
U so‘zida davom etarkan, Qibrayda yer sotish, qarorlarni soxtalashtirish kasb darajasiga yetganini urg‘uladi.
“Lekin kechirasiz-ku, yer sotishni kasb qilgan bo‘lsa, qarorni “poddelka” qilishni kasb qilgan bo‘lsa, bugun tumanning hokimi shuning uchun javob beryapti. Xodimlar-chi? Uning o‘rinbosari-chi? Hammasiga qonunchilik doirasida borib, hammasiga javob beramiz”, deydi Mirzayev.
Sessiyada aytilishicha, Qibray tumanida ariza va shikoyatlarga javob berish bor-yo‘g‘i 28 foizni tashkil etmoqda.
“Ariza bilan shug‘ullanadigan xodimlarning hammasiga javob berib yuborsa bo‘ladi. Investitsiya dasturiga kirgan ob’ektning nazorati yo‘q. Maktab va bog‘chalar ustidan umuman [nazorat] yo‘q. Hamma narsa gapda faqat. Bittasiga tegsangiz, 90 ta odam telefon qiladi. Kecha telefon qilgan bittasiga aytdim: qo‘ysalaring-chi endi, sal Qibrayni hokimiyati ichiga ham toza qon, toza havo kirsin.
Hokimni aybdor deyaptiyu lekin o‘sha ishni qilgan odamlar o‘tiribdi-ku o‘sha joyda. Ular yana nechta hokimni yeyishi kerak? Yerni sotgan tumandan kadastr-padastr ikki-uchta noinsoflari ham o‘tiribdi. Qayerda nima borligini o‘zi biladi”, deydi Mirzayev holatlar va shaxslarga aniqlik kiritmay.
Hokim Qibrayga borib yig‘ilish o‘tkazishgaa qo‘rqishini ham qo‘shimcha qildi.
“Men u yerga borib protokol bilan majlis qilishga qo‘rqaman. Har bir varag‘iga qo‘l qo‘yib chiqaman. Tiqvoradi orasiga o‘zinikini. Hech narsadan qaytmaydi”, deydi u.
Eslatib o‘tamiz, 2018 yilning iyulidan Toshkent viloyati Qibray tumaniga hokimlik qilib kelayotgan Mira’zam Mirqosimov joriy yilning 2 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tkazgan yig‘ilishda lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rnini 17 avgust kuni Ohangaron tumani prokurori Muzaffar Rashidov egalladi.