Almatov vazirlikdan ketgach, mamlakatda norasmiy liderlik IIVdan MXXga o‘tganmi?
Jamiyat
−
25 mart 2019
25699Xabaringiz bor, joriy yilning, 18 mart kuni QALAMPIR.UZ tomonidan 1991-2006 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri sifatida faoliyat yuritgan, ayni damdagi Ichki ishlar vaziri maslahatchisi, general-polkovnik Zokirjon Almatovich Almatov bilan eksklyuziv intervyu taqdim etilgan edi.
Zokirjon Almatovich mazkur intervyuda o‘zi vazirlik lavozimini tark etgan 2006 yildan keyin Ichki ishlar vazirligi mamlakatda yetakchi tashkilot rolidan tushib qolgani haqidagi fikrlarini bildirdi.
“15 yil vazir lavozimida ishlab yurganimda IIV huquqni muhofaza qiluvchi idoralar ichida lider vazifasini bajargan deb to‘la-to‘kis ayta olmayman. Biz sudni, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hammamiz chambarchas bog‘liq tomonlarimiz ko‘p bo‘lgan. Maqsadimiz bitta vazifani bajarish. Mamlakatimizni asrash, tinchlik-osoyishtalik o‘rnatish. Fuqarolar xavfsizligini ta’minlash asosiy maqsadimiz. Ana shunda boshimizdan juda ko‘p og‘ir voqealar o‘tganda biz bir-birimizga kamarbasta bo‘lib ishlaganmiz. Milliy xavfsizlik ham, Prokuratura xodimlari ham, Ichki ishlar idoralari xodimlari ham. To‘g‘ri xalqni ichida shu paytda gap tarqalgan. Ichki ishlar idoralarini obro‘si juda baland deb. Og‘ir paytlarda bu narsa mani xayolimga ham kelmagan. Ma’lum vaqtdan keyin man kasal bo‘ldim. Iste’foga chiqdim. Undan keyin ichki ishlar idoralari ba’zi bir tashkilotlarni tagiga tushib qoldi deb gap-so‘z tarqaldi”, deydi Zokirjon Almatov.
Vazir maslahatchisining so‘zlariga ko‘ra, ba’zi bir joylarda bu haqiqatdan to‘g‘ri narsa bo‘lgan. Isbotini topgan. Ko‘p ichki ishlar organlarining xodimlari asossiz ravishda qamoqqa olingan. Ichki ishlar idoralari xodimlari ishdan bo‘shatilgan. Tuxmatlar asosida, uyushtirilgan har xil voqealar bo‘lib o‘tgan.
Almatov shunday asossiy ayblovlar to‘qib chiqarish Prezidentning 2017 yildagi murojaatnomasida tanqil qilingani va Milliy xavfsizlik qo‘mitasi xodimlarining o‘sha paytdagi yig‘ilishida aytib o‘tilganini ham ta’kidladi.
“Undan keyin Davlat xavfsizlik xizmati bo‘lib qayta tashkil etildi. Hozirgi paytda Ollohga beadad shukrlar bo‘lsinki, ichki ishlar idoralari xodimlarining mavqeyi yana o‘zini joyiga qaytyapti. Rahbarimiz tomonidan juda katta ishonch bildirilyapti. Yordam ko‘rsatilyapti. Xalqimizni ichida katta-katta ishlar olib borilyapti. Yana ichki ishlar idoralari xodimlari xalqimizni eng yaqin tashkilotiga aylandi. O‘zini qaddini ko‘taryapti. Oldingi tazyiqlar, oldingi bo‘htonlar, tuhmatlar yo‘q bo‘ldi. Buni hammasi Respublikamiz rahbarining bizga ko‘rsatgan yordami, e’tibori, ishonchi tufayli bo‘lib o‘tdi”, deydi u.
Bundan tashqari sobiq ichki ishlar vaziri davlatda bir tashkilot boshqa bir tashkilot tazyiqi ostiga tushib qolish qanday oqibatlarga olib kelishi haqida fikr bildirdi.
“Tarozining ikki pallasi bor. Ana shu huquqni muhofaza qiluvchi idoralarni tarozini pallasi bilan o‘lchash kerak. Har bitta palla bitta muvozanatda turishi kerak. Qaysi birini bosib ketsa qaysi biri boshqa bir tashkilotni tazyiq ostida ushlab turishga harakat qilsa bilingki, u yerda hech qachon tinchlik bo‘lmaydi. Yutuqqa erishib bo‘lmaydi. Agarda 1990 yildagi voqealar bo‘lib o‘tadigan bo‘lsa, ana shu davlatda parokandalik yuzaga kelishi mumkin. Shuning uchun Prezidentimizning asosiy maqsadi ham shu bo‘lyapti. Xalqimizning ishonchiga kirish. Xalqimizning dard-u g‘ami, alami bilan yashash. Yana bir iborani aytib o‘tdilar. Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak. Juda oddiy, sodda, ravon tilda aytilgan. Xalqchil gaplar. Shuning uchun men bitta narsani ishonch bilan ayta olaman. Xudo xohlasa, O‘zbekistonda tinchlik, barqarorlik bundan ham yaxshi bo‘ladi. Xalqimizning hayot tarzi bundan ham yaxshilanadi”, deydi Zokirjon Almatov.
Mazkur intervyuni to‘liq shaklda quyida yoki YouTube va Mover’dagi sahifalarimizda ko‘rishingiz mumkin.
LiveBarchasi