Zohid shifoxonadan chiqdi – Shohruh

Madaniyat-san’at

image

2022 yilning 29 sentyabr kuni Toshkentning Yunusobod tumanida o‘zining BMW rusumli mashinasida avtohalokatga uchragan xonanda Zohid Rixsiyev og‘ir jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan va komaga tushib qolgan edi.

Dekabr oyi boshida uning do‘sti, “Ummon” guruhining boshqa bir solisti Shohruh o‘zining Instagram sahifasida Zohid Rixsiyevning komadan chiqqanini ma’lum qilgan edi.

Kecha, 22 fevral kuni esa Shohruh Instagram’da do‘stining ahvoli haqida yana ma’lumot berdi.

Uning aytishicha, Zohidning sog‘ligi yaxshilanib, shifoxonadan uyiga javob berilgan va tez orada uning avtohalokatdan keyingi birinchi qo‘shig‘i ham chiqadi.

“Mendan uning ahvoli haqida ko‘p so‘raysiz, u yaxshi. Uyiga ruxsat berilgan va uyidan turib barcha muolajalarni olyapti. Tez kunda sizlarga yangi klipini taqdim etadi. Klipning suratga olish ishlari ham tugadi. Duo qilishdan to‘xtamaymiz, Xudo xohlasa, bundan ham zo‘r bo‘lib, konsertlar berish nasib qilsin”, degan u videoda.

Biroq Shohruhning ushbu videosidan ko‘p o‘tmay, Zohid Rixsiyevning rafiqasi Kamola Ortiqova turmush o‘rtog‘ining ahvoli hali yaxshilanmaganini aytib chiqdi.

U Shohruhning gaplarini keskin rad etgan.

“Shohruh aka oyda bir marta kelib ko‘rib ketadi. U asl vaziyatni bilmaydi. Ikrom Ali klip olib berdi. Bizga pul kerak. Uyimizga juda ko‘p va qimmat shifokorlar keladi. Zohid akamga hali qo‘shiq aytish mumkin emas. Tomog‘ida maxsus shlang bor”, degan Ortiqova.

Shuningdek, QALAMPIR.UZ Zohid Rixsiyevning do‘sti va hamkori bilan bog‘langanida u ham xonanda uyida davolanayotgani, sog‘ligi ancha yaxshilangani haqida ma’lum qildi.

Ma’lumot uchun, Rixsiyev sodir etgan avariya yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Transport vositasini boshqaruvchi shaxs tomonidan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Mazkur moddaga asosan u 10 yilgacha qamalishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning 14 noyabr kuni “Ummon” guruhining boshqa bir sobiq xonandasi Jasur Rafiqov og‘ir xastalik sabab vafot etgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Zohid Rixsiev Ummon guruhi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing