“Kun kelib chiqqan quyosh botadi”. Jasur Rafiqov hayotligida nimalar degandi?
Madaniyat-san’at
−
14 noyabr 2022
79263Bugun, 14 noyabr kuni sobiq “Ummon” guruhi a’zosi Jasur Rafiqov vafot etdi. Betobligi sabab 2019 yilda “Ummon” guruhini tark etgan xonanda so‘ngi uch yilda ommaviy axborot vositalarida ko‘rinish bermadi, Instagram’dan foydalanishni to‘xtatdi, ommaviy tadbir va bayramlarda qatnashmadi, videomurojaatlar qilmadi, muxlislariga ham ko‘rinish bergani yoki so‘nggi so‘zlarini aytgani yo‘q. QALAMPIR.UZ Jasur Rafiqovning yillar davomida jurnalistlarga bergan intervyularida u tomonidan aytilgan fikrlarni yagona materialga jamladi. Quyida ular bilan tanishishingiz mumkin.
2012 dekabr (“Yashil olma”, NTT)
Men yoshligimda ustachilik qilganman, biroz ulg‘ayganimdan keyin qurilish sohasida ishlaganman.
Jahon estradasini oldindan kam eshitardim, asosiy qiziqishim o‘zbek estradasiga bo‘lgan. Birinchi eshitib havas qilgan xonandam Erkin Xudoyqulov bo‘lgan, ularning “Besh o‘g‘il” degan qo‘shiqlari bo‘lardi. Biz oilada ham beshta farzandmiz, faqat to‘rt o‘g‘il va bitta qiz.
“Ummon” guruhi sifatida havaskorlikdan professionallikka qo‘ygan qadamimiz “Qanday unutding?” taronamiz bilan bo‘ldi. Sababi, shu qo‘shiq uchun birinchi marotaba klip suratga oldik. Kliplarimiz soni ko‘payib borishi muxlislarimizning yoshi o‘sishiga olib keldi va qo‘shiqlarimizni ommalashishiga ham hissa qo‘shdi.
Biz sokin taronalar bilan ijodni boshlaganmiz va 4-5 ta ijod namunalarimizni tayyorlaganimizdan keyin sho‘x qo‘shiqlarga o‘tganmiz.
2016 oktyabr (“So‘g‘diyona”, MY5)
Maktab davrida ustozlar “Bu davrni hali sog‘inasan, bu kunlar qaytib kelmaydi, yaxshi o‘qigin, bilim olgin”, deyishganida bizga erish tuyilgan. Bizga o‘yin-kulgi, sho‘xlik bo‘lsa yetarli edi. Mana, oradan yillar o‘tganidan so‘ng, maktabda o‘tgan kunlarimizni sog‘inib, qo‘msaymiz.
Yoshlar kitobni ko‘proq o‘qishi kerak, inson fikrlashini va nutqini kitob ravon qiladi. Eng yaxshi do‘st – bu kitob.
Maktabdagi faollar zalida hech qanday musiqasiz jonli ijroda qo‘shiqlar aytib yurardim. 9-sinfni tamomlayotgan paytimizda oldimga Zohid kelib, menda maktab to‘g‘risida qo‘shiq bor, aytasanmi, deb so‘ragan va men ana shu qo‘shiqni kuylagan edim.
Maktabda sevgi maktublari yozib, ichiga o‘sha payt 50 so‘mlik saqich solib yo‘llardim.
2017 mart (“MTV shou”, “Milliy TV”)
“Ummon” guruhini birlashtirgan narsa – bu havas. Har birimiz san’atkorlarga havas qilib, mehnat qilganmiz.
Yigitlar birgalikda qo‘shiq kuyladik, shunda ham guruh bo‘lish niyatimiz bo‘lmagan. Qo‘shig‘imiz ommabop bo‘lib, omad kelganidan keyin maslahat qilib, guruh bo‘lib ijod qilishni boshladik.
Oxirgi ikki yilda e’tibor shaxsiy hayotga ko‘proq qaratildi. Shuning uchun ijodni biroz sustlashtirib qo‘ydik.
Inson uylanganidan keyin hayotga jiddiyroq qarashni boshlar ekan, chunki mas’uliyat bo‘yniga yuklanadi. Oldin faqat o‘zi va oilasi uchun harakat qilgan inson, turmush o‘rtog‘i uchun ham qo‘shimcha harakat qila boshlaydi.
Mana, shu bugungacha yozilgan 99% qo‘shiqlarimizni so‘zi va musiqasiga Zohid mualliflik qilgan.
Qiziqchilar bizga hazil qilishsa, ko‘ngilga yaqin olmaymiz, sababi bu o‘z nomi bilan hazil. Biz avvalo xursand bo‘lamiz, yaxshimi-yomonmi, ana shu insonlarning e’tibori va tilidamiz. Demak, bizni eshitishyapti va bilishyapti.
Agar men ham “Ummon” guruhining a’zosi bo‘lmaganimda, yoqtirgan qizim biror yigit haqida gapirsa men ham uni yomon ko‘rgan bo‘lardim.
2018 avgust (“Yulduzlar hayoti”)
Biz bir-birimizdan xafa bo‘lmaymiz. Qanday kamchiligimiz bo‘lsa, biror narsani xato qilsak, yuzimizga ochiq oydin aytamiz. Bu bir-birimizni kamchiligimizni yo‘qotish va kamchiligimizni to‘ldirishga katta yordam beradi. Biz ortdan gapirmaymiz, balki nima muammo bo‘lsa, o‘rtaga tashlab hal qilamiz.
Men Toshkent Madaniyat kollejining madaniy tadbirlar rejissurasi fakultetini tamomlaganman.
Yigit kishi oilani ushlashi kerak, mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishi kerak. O‘zimizdan yaxshi nom, yaxshi iz qoldirish niyatimiz bor. Oila va san’atni bir tekisda olib ketishga harakat qilyapmiz, o‘ylaymizki, hozircha uddasidan chiqmoqdamiz. Hamma narsa odamning qalbiga bog‘liq ekan, niyatni toza qilib pok yo‘l bilan qadamni tashlayversak, niyatlarimizga yetar ekanmiz.
2018 yil, 11 noyabr (“Xayrli oqshom”, “Sevimli TV” )
Zohid bilan oramizga nizo solmoqchi bo‘lgan odamlar bo‘ldi, bizga, unga har xil gaplar yetkazishdi. Keyin yuzma-yuz ko‘rishib, gaplashib oldik. Ochig‘ini aytganda, bir-birimizdan xafa bo‘lishni boshlagan edik. Lekin hozir hammasi yaxshi. Zohid “Ummon” guruhidan chiqib ketishini aytganida o‘zimiz ham ishonmadik. Balki bizga hazil qilayotgandir ham deb o‘yladik. Ochig‘ini aytsam, biz o‘zimizga yaqin sanagan insonlarning birortasi ham oldimizga kelmadi.
Unday qilmanglar, kelinglar, o‘tirib gaplashib olamiz, deyishmadi. Aksincha bo‘ldi, “bos, zo‘r bo‘ladi, men yordam beraman”, deganlar bo‘ldi va “Ummon” parchalandi.
Shu o‘n yil ichida boshimizdan kichik narsani o‘tkazmadik. Mehnatimiz, ijodimiz bilan odamlarni qalbidan, ko‘nglidan joy olishni niyat qilganmiz va bu niyatlarga uch kishi yetdik. Nima bo‘lishidan qat’i nazar Zohid uchun eshigimiz ochiq, har doim birga davom etishga tayyormiz. Zohiddan keyin “uning o‘rniga meni oling”, deydiganlar ko‘p bo‘ldi. Lekin biz Zohidni hech kimga almashmaymiz, uni o‘rnida boshqa insonni tasavvur etolmaymiz.
2018 yil, 13 noyabr (“Premyera”, “Zo’r TV”)
Shohruh odamni hayotida bo‘ladigan qiyin vaziyatlarda, yaxshi-yomon kunlarda yonimda turoladigan, chin do‘st, deb bilaman. Zohid esa ko‘ngli toza, ko‘ngli ochiq, xushchaqchaq yigit. Zohid haqida hech qanday negativ fikrlar menda yo‘q. Biz ijodda 10 yildan buyon birgamiz, hayotda esa bolalikdan birga katta bo‘ldik. Zohid bilan bitta maktabda o‘qiganmiz. Faqat Zohid mendan bir sinf yuqorida o‘qigan. Ijodimizni boshlagan vaqtimizda bizga ishonchsizlik ko‘p bo‘lgan. Boshimizdan o‘tganini o‘zimiz bilamiz.
Kun kelib chiqqan quyosh kechga borib botadi. Tan olishimiz kerak “Ummon” guruhining ijodida ozgina pasayish paydo bo‘layotgan edi. Mana shu narsani birga yengib o‘tish o‘rniga biz boshqa yo‘lni tanlab qo‘ydik. Aniqrog‘i, mana shu yo‘lni tanlashga majbur qilishdi. Ijodimizni boshlayotganimizda “Ummon” nomini bekorga tanlamaganmiz, muxlislarimiz “Ummon” kabi cheksiz bo‘lsin, degan niyatimiz bo‘lgan. Ijodimizni oxirigacha birga bo‘lib, uchalamiz birgalikda, hamjihatlikda tugatamiz, tarqab ketmaymiz deb niyat qilgan edik. Lekin hayot har doim ham biz o‘ylagan yoki reja qilgandek bo‘lavermas ekan.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 29 sentyabr kuni “Ummon” guruhi solisti Zohid Rixsiyev o‘zining boshqaruvidagi BMW rusumli transport vositasida Toshkent shahrining Yunusobod tumanida avtohalokatga uchragan edi. Oqibatda mashinada bo‘lgan yana uch kishidan biri, 1994 yilda tug‘ilgan X.S. esa voqea joyida vafot etgan.
“Ummon” guruhi 2007 yilda Zohid Rixsiyev, Jasur Rafiqov va Shohruh Isamuhammedov tomonidan tashkil etilgan. 2018 yilda Zohid Rixsiyev guruhni tark etib o‘z yakkaxon ijodini boshlagan. 2019 yilda esa guruh butkul parchalangan.