Ziroat Mirziyoyeva raisligidagi fond faoliyatini 5 ming ayolga yordam berishdan boshladi

Jamiyat

image

Karantin sababli qiyin ahvolga tushib qolgan fuqarolarga yordam berish tashabbusi Ziroat Mirziyoyeva raisligidagi vasiylik kengashi tomonidan ilgari surildi.

“Zamin” fondi faoliyati uzoq muddatli, strategik ahamiyatga ega va barqaror loyihalarga qaratilgan. Jismoniy va yuridik shaxslarning xayriya badallari, shuningdek xalqaro tashkilotlarning grantlari Fond mablag‘ini shakllantirishning asosiy manbalari hisoblanadi. Fond atrof-muhitni muhofaza qilish, eshitish qobiliyatida nuqsoni bo‘lgan bolalar ta’limini rivojlantirish, shuningdek, ijtimoiy sohaga innovatsion texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha qator loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirgan. Ammo hozirgi vaziyat o‘z hukmini o‘tkazmoqda. 

Bugun ko‘mak berishning ayni vaqti ekannini anglagan holda, fond vasiylik kengashi a’zolari xayrli ishga hissa qo‘shishga qaror qildilar.

Shu bois loyihalarga jalb qilingan mablag‘lar og‘ir ahvolda qolgan ayollar va oilalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratildi. Besh milliard so‘m miqdoridagi xayriya mablag‘i O‘zbekistonning barcha hududlaridagi yordamga muhtoj 5 ming nafar ayolga yo‘naltirildi.

“Xavfsiz va o‘z vaqtida berilgan ushbu yordam qiyin kunlarda umidsizlikka tushib qolganlarga umid baxsh etsin, mehr va muruvvat oyi bo‘lmish muqaddas Ramazon oyida ularning oilalari va yaqinlariga iliqlik, quvonch va tabassum hadya qilsin”, deya izoh berdi vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva.

Bu yil, koronavirus pandemiyasi hukm surayotgan bir vaziyatda muhtojlarga yordam va muruvvat ko‘rsatish har qachongidan ham ko‘proq ahamiyat kasb etib, O‘zbekiston xalqini yanada jipslashtirish va barcha sinovlardan yorug‘ yuz bilan o‘tish imkonini beradi. Faqat shu tarzda, mehr-oqibatli odamlarning ko‘magida, birgalikda va hamjihatlik bilangina qiyinchiliklarni yenga olamiz.

Ma’lumot uchun, “Zamin” xalqaro jamoat fondiga nodavlat notijorat tashkiloti sifatida O‘zbekistonda asos solingan. Fondning maqsadi — mamlakatning barqaror rivojlanishiga hissa qo‘shish va aholi turmush darajasini oshirish. Fond faoliyati haqida batafsil ma’lumotni www.zaminfoundation.ngo rasmiy veb-saytidan olish mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Ziroat Mirziyoeva

Baholaganlar

134

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing