Ziroat Mirziyoyeva qizi bilan Qatar muzeylariga bordi
Jamiyat
−
30 noyabr 2023
23097O‘zbekiston birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva to‘ng‘ich qizi – Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva bilan Qatar milliy muzeyi va Islom san’ati muzeyi bilan tanishdi. Bu haqda O‘zA xabar qildi.
Qayd etilishicha, Ziroat Mirziyoyeva tashrif buyurgan Qatar milliy muzeyi 2019 yilda ochilgan. U yerda Qatar davlatining tarixi, qatarliklar urf-odati va an’analari hamda mamlakatdagi islom obidalari haqidagi ma’lumotlar o‘z aksini topgan.
Shuningdek, ular Qatardagi Islom san’ati muzeyiga ham borgan.
Muzey Doha sohilidagi sun’iy orolda joylashgan bo‘lib, 5 qavatdan iborat. 2008 yilda ishga tushirilgan.
Bu muzey an’anaviy madaniyat xilma-xilligini va islom san’ati serqirraligini ifodalovchi ramziy vosita bo‘lib xizmat qiladi. Unda Osiyo, Yevropa va Yaqin Sharq mamlakatlarida VII asrdan XIX asrga qadar mavjud bo‘lgan islom san’ati buyumlari o‘z aksini topgan. Muzey qoshida kutubxona va 200 o‘rinli o‘quv zali, restavratsiya laboratoriyasi va taqdimot o‘tkazish uchun qator xonalar mavjud.
E’tiborli jihati, bu muzeyda Samarqanddan keltirilgan Qur’on sahifasi nusxasi ham bor.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rafiqasi Ziroat Mirziyoyeva Qatarda bo‘lib o‘tgan XI Ta’lim bo‘yicha xalqaro innovatsion sammitda ishtirok etgandi. Sammit doirasida Ziroat Mirziyoyeva va Qatar Amirining onasi Moza bint Nosir al-Misnad o‘rtasida yakkama-yakka uchrashuv ham o‘tkazilgan.
LiveBarchasi