Ziroat Mirziyoyeva boshchiligidagi fond yangi loyihani boshladi
Jamiyat
−
14 iyun 2020
14121O‘zbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazi "Zamin " fondi va BMTning Atrof-muhit dasturi ko‘magida "Atmosfera havosi ifloslanishi monitoringini avtomatlashtirish" loyihasini amalga oshirmoqda. Bu haqda Fond xabar tarqatdi.
“Maqsad – mamlakatimizning har bir viloyatida havo sifatini kuzatish uchun imkoniyat yaratish. Loyiha doirasida tizimga bosqichma-bosqich ulangan barcha viloyatlarda havoning holati bo‘yicha ma’lumotlarni namoyish etadigan ochiq onlayn platforma ishlab chiqilmoqda. Har kim platformaga ulanishi va ma’lum bir hududda havo qanday holatda ekanligini bilib olishi mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, platformada havoning holatiga qarab Sog‘liqni saqlash vazirligining tavsiyalari taqdim etib boriladi”, deyiladi xabarda.
Joriy yilning 3 iyun kuni tashkil etilgan videokonferensiya davomida fond, BMTning Atrof-muhit dasturi hamda Taraqqiyot dasturi vakillari hamda atrof-muhit va sog‘liqni saqlash sohalaridagi muvofiqlashtiruvchi tashkilotlar mutaxassislari loyiha va uni amalga oshirish jihatlarini muhokama qildilar.
Eslatib o‘tamiz, “Zamin” xalqaro jamoat fondiga O‘zbekiston Respublikasi Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva tomonidan asos solindi.
“Zamin” fondining faoliyati uzoq muddatli, strategik ahamiyatga ega va barqaror loyihalardan iborat 4 yo‘nalishga asoslangan:
— atrof-muhitni muhofaza qilish yo‘lida hamkorlik;
— havo ifloslanishini monitoring qilish, tuproq unumdorligini tiklash va ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha loyihalarni qo‘llab-quvvatlash;
— ijtimoiy rivojlanishga innovatsion ishlanmalarni tatbiq qilish va ijtimoiy sohadagi loyihalarni moliyalashtirish;
— eshitish qobiliyati zaif bolalarning yashash sharoiti va ta’lim sharoitlarini yaxshilash.
LiveBarchasi