Ziroat Mirziyoyeva bolalar saratoniga qarshi kurashda yetakchi – JSST rahbari
Jamiyat
−
22 aprel 3427 2 daqiqa
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesus O‘zbekistonning Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva bolalar saratoniga qarshi kurashdagi yetakchiligini e’tirof etdi. Bu haqda u bugun, 22 aprel kuni o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasiga yozdi.
O‘zbekistonning Birinchi xonimi – “Zamin” fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori doktor Tedros Adxanom Gebreyesus Respublika ixtisoslashtirilgan bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va immunologiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga tashrif buyurgan.

“Ziroat Mirziyoyeva raislik qilayotgan “Zamin” fondi pediatrik onkologiya xizmatlarini rivojlantirish hamda poytaxt Toshkentdagi Respublika bolalar onkologiyasi va gematologiyasi markazi qoshidagi “Mehrli maktab” orqali shifoxona sharoitida ta’lim berishni ta’minlashda muhim rol o‘ynamoqda.
Ushbu maskanlar orqali Birinchi xonim hamda jarayonda ishtirok etayotgan barcha tibbiyot xodimlari va pedagoglar saraton bilan yashayotgan bolalarga kasallikni yengib o‘tishlari va o‘z orzularini ro‘yobga chiqarishlari uchun zarur bo‘lgan tibbiy va ijtimoiy yordamni ko‘rsatmoqdalar.
Men ushbu muassasalar yaratayotgan imkoniyatlar tufayli muolaja olayotgan va kelajakka umid bilan boqayotgan ko‘plab o‘zbekistonlik yoshlar bilan uchrashganimdan xursand bo‘ldim. Ular orasida o‘tgan yili Nyu-Yorkda, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi doirasida bolalar saratoniga bag‘ishlangan tadbirda Birinchi xonim va men bilan birga ishtirok etgan Samira, shuningdek, kelajakda tarjimon bo‘lishni maqsad qilgan iste’dodli rassom Dilnavoz (ikkalasi ham saratonni yengib o‘tgan qizlar) bor edi”, deydi JSST rahbari.


Shuningdek, mehmonlarga JSST ko‘magida bolalar onkologiyasi xizmatini rivojlantirish bo‘yicha milliy strategiya doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, jumladan, bemorlarni yo‘naltirishning raqamli tizimini joriy etish, mintaqaviy infratuzilmani mustahkamlash, shuningdek, kadrlar tayyorlash, ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalarni joriy etish platformasi sifatida Xalqaro akademik xabni rivojlantirish natijalari haqida ma’lumot berilgan.


Tashrif doirasida “Mehrli maktab” gospital maktabi o‘quvchilari Ziroat Mirziyoyeva va Tedros Adxanom Gebreyesusni iliq tabassum bilan kutib olgan, pedagoglar esa uzoq muddat davolanayotgan bolalarni ijtimoiy-psixologik qo‘llab-quvvatlash va pedagogik hamrohlik qilish ishlari bilan tanishtirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan mamlakatda bo‘lib turgan Tedros Adxanom Gebreyesusni qabul qilgandi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ham narkotahdidlarga qarshi kurashish bo‘yicha Samarqandda o‘tkazilayotgan xalqaro forum doirasida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Bosh direktori bilan uchrashuv o‘tkazgandi.
Live
Barchasi