“Zilzilasiz xarobaga aylangan uy”. Qashqadaryodagi yangi uy-joylar qulash arafasida ekani aytildi
Jamiyat
−
01 aprel 2023
16871Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanidagi Rus qishlog‘ida qurilib, aholiga topshirilgan namunali uy-joylar qulab tushish arafasida ekani aytilayotgan video tarqaldi. Ma’lum qilinishicha, ushbu xonadon ipoteki krediti evaziga 20 yil muddatga berilgan. Biroq topshirilganiga 5 yil bo‘lib ulgurmay, uy abgor holatga kelgan.
“Uyning fundamenti joyidan siljib, devorlari yorilib ketgan. Oqibatda eshik-derazalar yopilmaydigan bo‘lib qolgan. Plitalar siljib, devor yorig‘idan boshqa xonani bemalol ko‘rish mumkin. Elektr toki o‘tgan simlar ham devor siljishi tufayli uzilib ketgan”, deydi uy egasi.
Videoda aytilishicha, devorlar ham tashqi, ham ichki tarafdan darz ketgan. Oqibatda devorning yorig‘idan boshqa xonadagi odamni bemalol ko‘rish mumkin.
“Erta-indin qulab tushish arafasidagi uyda yashash, o‘limni bo‘yniga olib, taqdirga tan berish bilan baravar. Bu yerdagi ko‘pgina uylar xuddi shu ahvolda”, deydi video muallifi.
Ijtimoiy tarmoqlarda video keskin muhokamalarga sabab bo‘ldi va bu holatdan g‘azablangan foydalanuvchilar ushbu uyni qurganlarni qat’iy jazoga tortish kerakligini aytib o‘tgan.
“Bu uyni qurgan quruvchini aynan shu uyga ko‘chirib, oilaviy yashatish kerak. Joni qanchalik shirinligini anglab yetadi shunda”, deydi tarmoq foydalanuvchisi.
Shuningdek, ular orasida bu ishga ma’sul bo‘lganlarni qamash kerak deganlar ham topildi.
“Ishqilib shu yangi qurilgan, qurilayotgan uylarni oxiri xayrli bo‘lsin. Alohida ekspert komissiyalari tuzilib, aholini murojaatiga asosan oxirgi 10 yilda qurilgan uylarni texnik holati o‘rganib chiqilishi hamda agar ekspert xulosasiga ko‘ra talabga javob bermasa, shu uy egalariga javobgar quruvchi tashkilotlar tomonidan yangi uy-joy qurib berish majburiyatini joriy qilish kerak”, deya taklif bergan foydalanuvchilardan biri.
“Namunali uylarning ahvoli shunday bo‘lsa, namunasiz xonadonlar qay holatda ekan”, “bizning uylarga zilzila shart emas”, deya kinoya qilganlar ham topildi.
Video keng muhokamalarga sabab bo‘lgan bo‘lishiga qaramasdan holatga haligacha Qurilish va uy-joy kommunal vazirligi rasmiy munosabat bildirmagan.