Zilzilada qulagan binolarni Erdo‘g‘an “qurmagani” aytildi
Olam
−
14 mart 2023
10077Turkiyada sodir bo‘lgan zilzilada 1999 yildan keyin qurilgan binolar zarar ko‘rmagan. Bu haqda Turkiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar Turkiya elchixonasida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Turkiyada sodir bo‘lgan zilzila qurbonlari 48 mingdan oshganini aytgan Olgan Bekar, 1999 yilda sodir bo‘lgan zilziladan so‘ng qurilish sohasidagi Nizomlar yangilangani va binolar yanada mustahkam qurila boshlaganiga to‘xtaldi.
“1999 yil Turkiyada, Marmara dengizi atrofida katta zilzila sodir bo‘lgan. Aynan shu zilziladan so‘ng qurilish Nizomlari butunlay yangilandi. O‘sha yildan keyin qurilgan binolarning ko‘plari 2023 yil 6 fevral kuni ro‘y bergan zilzilada talafot ko‘rmadi.
Turkiyada TOKI – Turkiya uy-joy boshqarmasi qurgan birorta binoning derazasi ham sinmadi. Zilzilada qulagan binolarning 99 foizi 1999 yildan avval qurilgan binolar edi”, deydi Turkiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar.
Ma’lumot uchun, 1999 yil 17 avgust kuni Turkiyaning g‘arbiy qismi, Goljuk shahri yaqinida mahalliy vaqt bilan 03:01 da kuchli zilzila kuzatilgan. U 37 soniya davom etgan bo‘lsada, juda katta talafotlarga sabab bo‘lgan.
Zilzila sodir bo‘lgan hududda chuqurligi 100 kilometrdan ortiq bo‘lgan tektonik yorilish yuzaga kelgan, ba’zi joylarda yo‘l va daraxtlar 5,2 metr masofaga siljigan. Qurbonlar soni 18 373 tani tashkil etgan, 48 901 kishi yaralangan, 600 000 ga yaqini boshpanasiz qolgan. Zilzila mamlakat iqtisodiyotiga jiddiy ta’sir qilgan.
Tabiiy ofat oqibatida 120 mingga yaqin binoga zarar yetgan, bir necha zavodlar vayron bo‘lgan, mahalliy neftni qayta ishlash zavodida yong‘in sodir bo‘lgan. Fojia oqibatida ko‘rilgan talafotlarni bartaraf etish uchun Turkiyaga dunyoning 12 davlati tomonidan yordam ko‘rsatilgan.
Ushbu zilzila mamlakat kapitalining iqtisodiy tanazzulga yuz tutgan paytida sodir bo‘lgan. Matbuot hukumatni favqulodda vaziyatlarga yomon munosabatda bo‘lganlikda ayblagan. Zilzilani oldini olishning iloji bo‘lmasa-da, tabiiy ofatning oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha dastlabki soatlarda adekvat choralar ko‘rilmagani uchun qurbonlar soni ortib borgan. O‘sha yillarda hukumatni boshqargan Bosh vazir Bulent Ejevit bu voqeadan so‘ng vayronagarchilik ko‘lamini ko‘rib “shok” holatiga tushib qolgan.
Hukumat raisi Ejevit talafot ko‘rgan hududga minglab askar yuborishi mumkin bo‘lgan armiya harbiylarining yordamidan ham foydalanmagan. Turkiya zilzilalar tez-tez kuzatilib turadigan seysmologik hudud bo‘lsa ham, hukumat uni bartaraf etish ishlarini avvaldan rejalashtirmagan. Oqibatda odamlarni qutqarib olish, uy bilan ta’minlash, o‘liklarni ko‘mish bilan bog‘liq muammolar qalashib ketgan.
Fojia shuhrat keltirgan Erdo‘g‘an
Izmit zilzilasida Hukumat bor haqiqatni xalqdan yashirdi. Hatto, o‘sha vaqtdagi Prezident Sulaymon Demirel chiqishlaridan birida “Afsuski, o‘lim sonini aniq bilmaymiz”, degan. Zilzila va uning oqibatlarini bartaraf eta olmaslik, o‘lim soni keskin ortib ketishi, o‘liklar bir necha kungacha qolib ketib, chirishi xalqning davlat va amaldorlarga nisbatan ishonchsizligini oshirdi.
Ayni vaqtda odamlar Istanbulning sobiq hokimi, qamalib chiqqan Erdo‘g‘anga juda ishonar, uning Istanbulda infratuzilma bo‘yicha islohotlarini bilar, degizni axlatlardan tozalash, chiqindilarga to‘lgan shaharni obod qilish, ko‘priklar va yo‘llar qurish, aholini ichimlik suvi va elektr energiyasi, shuningdek, birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash borasidagi muvaffaqiyatli faoliyatidan xabardor edi. Odamlar Erdo‘g‘anga xaloskordek qaradi. 2001 yilga kelib, Erdo‘g‘an “Adolat va taraqqiyot” partiyasini tuzdi va endi Istanbulda orttirgan tajribasini butun mamlakat bo‘ylab qo‘llay boshladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 6 fevral kuni Turkiya janubi-sharqidagi Qahramonmarash viloyatida 7,7 va 7,6 magnitudali ikkita vayronkor zilzila sodir bo‘ldi. Yer qimirlashlari va minglab yerosti silkinishlari respublikaning 11 viloyati va qo‘shni mamlakatlarda sezilgan bo‘lib, ulardan Suriya eng ko‘p jabr ko‘rgan. Turkiyada qurbonlar soni 48 mingdan oshdi. Turkiyaga yetkazilgan tabiiy ofatdan jami zarar, BMT prognozlariga ko‘ra, 100 milliard dollardan oshishi mumkin.
LiveBarchasi