Turkiyadan quvilayotgan o‘zbeklar

Tahlil

Joriy yilning mart oyida Moskvadagi “Krokus Siti Holl” konsert zalida sodir etilgan va 145 kishining umriga zomin bo‘lgan terakt ortidan xalqaro maydonda shundoq ham markaziy osiyoliklarga nisbatan mavjud bo‘lgan ishonchsizlik yanada ortdi, ayniqsa, Rossiyada mehmon bo‘lgan yoki yashagan markaziy osiyoliklarga. Bu holat o‘zimizga qardosh, qondosh, tildosh, dindosh va zamonaviy dunyoning turli xalqaro tashkilotlari doirasida hamkor bo‘lgan, doim og‘a-inilikni da’vo qiladigan Turkiyada ham kuzatilmoqda. Qanday qilib deysizmi? 

Turkiya ichida va mamlakat sarhadlarida, jumladan aeroportlarda xavfsizlik avvalgiga nisbatan ancha kuchaytirilgan. Markaziy osiyoliklar uchun ham narx, ham din, ham urf-odatlar, ham taomnomasi bilan juda yaqin va dengizni ko‘rish orzusidagilar uchun maqbul narxlari bilan asosiy turizm o‘lkasiga aylangan Turkiyaga kirish bugun aynan yevropaliklardan ko‘ra ko‘proq markaziy osiyoliklar uchun qiyinlashgan. 

Yiliga yuz minglab o‘zbekistonliklar asosan tijorat va turizm maqsadida Turkiyaga yo‘l oladi. Bugun O‘zbekistonning 5 ta shahri – Toshkent, Buxoro, Urganch, Samarqand va Farg‘onadan Turkiya shaharlariga muntazam qatnovlar mavjud. Biroq o‘zaro yoki Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida muntazam ishonchli hamkorlik qilib kelayotgan O‘zbekistonning fuqarolari ayni vaqtda Turkiya aeroportlaridan mamlakatga kiritilmay, ortiga qaytarib yuborilayotganlar ro‘yxatining boshida turibdi. 

20-35 yosh oralig‘idagi xorijliklarga nisbatan nazorat tadbirlari kuchaytirilishi oqibatida birgina joriy yilning yanvar-fevral oylari davomida 163 nafar O‘zbekiston fuqarolari Turkiya hududiga kiritilmagan. Albatta, ular orasida 54 nafar muqaddam qonunbuzarlik sodir etib, kirishga taqiq qo‘yilganlar ham bor. Ammo o‘rmonga o‘t ketsa ho‘l-quruq birdek yonadi, deganlaridek, shunchaki tashqi ko‘rinishida shubha uyg‘otgani, soqoli yoki diniy atributlari, sumkasining kattaligi va yonida yetarli miqdorda pul bilan kelmagani, avvaldan mehmonxona bron qilmagani sabab mamlakatdan qaytarib yuborilayotganlar yo‘q emas. QALAMPIR.UZ’ga bunday shikoyatlar ko‘plab kelib tushmoqda. 

1 may kuni Turkiya Respublikasi vitse-prezidenti Javdat Yilmaz O‘zbekistonga keldi. Biz u bilan uchrashuv bahonasida ayni vaqtda dolzarb bo‘lib turgan savollarga javob oldik. 

“Bugun mas’ul hamkasblarimiz bilan bu masalani ham muhokama qildik. Aytganingizdek, har bir mamlakat xavfsizlikka jiddiy e’tibor qaratishi kerak, lekin xavfsizlik choralari ko‘rilar ekan, oddiy aholi bundan jabr ko‘rmasligi lozim. Umid qilamizki, bu masalada tashkilotlarimiz yanada yaqin muloqot qiladilar va muammolar, shikoyatlarni birgalikda ko‘rib chiqadilar”, deydi Javdat Yilmaz.

Ma’lumki, 2010 yildan keyin O‘zbekiston-Turkiya munosabatlariga darz ketdi. Karimov davri siyosati tabiatiga ko‘ra, mamlakat telekanallarida Turkiya filmlari, radiolarida qo‘shiqlari taqiqlandi. Bu mamlakat bilan aloqalar o‘ta past darajaga tushib ketdi. Lekin Turkiyada o‘zbekistonlik mehnat migrantlari ortgandan ortdi. Laleli bozori o‘zbekistonliklarga to‘ldi. 2016 yil. Karimov vafotidan keyin Turkiya rahbarining O‘zbekistonga tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarning yangi sahifasini ochib berdi. Buning ortidan O‘zbekiston Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo bo‘ldi. Turkiya bilan strategik hamkorlik o‘rnatdi. Biroq o‘zaro va xalqaro tashkilotlar doirasida siyosiy hamkorliklar oddiy odamlarning Turkiyaga sayohatida hamisha ham o‘z aksini topmayotgani, o‘zbekistonliklarga munosabat o‘zgarmayotgani stol ustida ko‘ndalangligicha qolmoqda. O‘zbekistonda-chi? Turkiyadan kelganlar hurmatu izzatda!


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Turkiya terakt

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made