Ziddiyat ortmoqda: 10 dan ortiq davlat rus diplomatlariga chiqish eshigini ko‘rsatdi

Olam

image

Joriy yilning o‘tgan davrida Yevropadan 10 davlat hamda AQSH Rossiya diplomatlarini mamlakatdan chiqib ketishini talab qildi. Bunga Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniyning qamalishidan tortib Moskvaning josuslik va maxfiy ma’lumotlarni qo‘lga kiritishgacha bo‘lgan harakatlari sabab bo‘lmoqda.

Quyida 2021 yil boshidan beri qaysi davlatlar nima sababga ko‘ra Rossiya diplomatlarini mamlakatdan chiqarib yuborgani haqida so‘z boradi.

Latviya

Bugun, 23 aprel kuni Latviya Tashqi ishlar vaziri Chexiya bilan birdamlik belgisi sifatida rossiyalik diplomatni mamlakatdan chiqarib yuborishini e’lon qildi.

Litva

Bugunning o‘zida yana bir Boltiqbo‘yi davlati – Litva Tashqi ishlar vazirligi Rossiya elchixonasining ikki xodimini mamlakatdan chiqarib yuborishini ma’lum qildi.

Estoniya

Bugun, Estoniya ham Chexiya bilan birdamlik belgisi sifatida rus diplomatini mamlakatdan chiqarib yubormoqda. Rossiyaning Estoniyadagi elchisi Aleksandr Petrov mamlakat Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilgan va unga Rossiya harbiy razvedkasi 2014 yilda Chexiyadagi o‘q-dorilar omborini portlatishni uyushtirganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarga nisbatan qattiq norozilik bildirilgan.

Chexiya

Bungacha, 22 aprel kuni Chexiya Tashqi ishlar vaziri Yakub Kulganek Rossiya elchixonasining 70 nafar xodimi mamlakatdan chiqib ketishini ma’lum qilgandi. Ular may oyining oxiriga qadar Chexiyani tark etishi kerak. 

Bundan avval, 17 aprel kuni rasmiy Praga 18 nafar rus diplomatini mamlakatdan chiqarib yuborgandi. Rasmiylar diplomatlarni Rossiya maxsus xizmatlariga ishlayotganlikda ayblagan.

Slovakiya

22 aprel kuni Slovakiya Bosh vaziri Rossiya elchixonasining uch nafar xodimini “persona non grata” deb e’lon qildi. Ularga mamlakatni tark etish uchun bir hafta muhlat berildi.

Ukraina

17 aprel kuni Ukraina Tashqi ishlar vazirligi Rossiyaning Kiyevdagi elchixonasining katta diplomati 19 apreldan boshlab 72 soat ichida mamlakatni tark etishi kerakligini ma’lum qildi. Ushbu chora-tadbirlar Sankt-Peterburgdagi Ukraina konsulining hibsga olinishiga javoban amalga oshirildi.

Polsha

15 aprel kuni Polsha Tashqi ishlar vazirligi Rossiyaning Varshavadagi elchixonasining uch nafar xodimi “persona non grata”, deb e’lon qilingani haqida xabar berdi. Tegishli nota Rossiya elchisi Sergey Andreyevga topshirildi.

AQSH

15 aprel kuni AQSH Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar joriy qilgani bilan birga RFning Vashingtondagi diplomatik vakolatxonasining o‘n nafar xodimini haydab chiqargani ma’lum bo‘ldi. OAV xabarlariga ko‘ra, ularga mamlakatni tark etish uchun 30 kun muhlat berildi.

Italiya

30 mart kuni Italiyada Rossiyaning Rimdagi elchixonasi xodimi – rus zobiti josuslikda ayblanib hibsga olindi. U bilan birga Italiya dengiz floti kapitani ham ushlandi. Qo‘lga olish operatsiyasi italiyalik ofitser tomonidan ma’lum miqdordagi pul evaziga maxfiy hujjatlarni Rossiya elchixonasi xodimiga topshirilayotgan paytda amalga oshirilgan. Ma’lum qilinishicha, italiyalik ofitser qamalgan, rossiyalik zobit esa mamlakatdan chiqarib yuborilgan.

Bolgariya, Shvetsiya va Albaniya

Bundan tashqari, martda Bolgariya, fevral oyida Shvetsiya va yanvarda Albaniya Rossiya diplomatlarini mamlakatdan chiqarib yuborgan edi. Qayd etish kerakki, bunga javoban Moskva ham xuddi shunday choralar ko‘rgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

927

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing