Rossiya maxsus kuchlari Ukraina konsulini hibsga oldi. Bunga Kiyev nima deydi?
Olam
−
17 aprel 2021
10585Rossiyaning Federal xavfsizlik xizmati (FXX) Ukrainaning Sankt-Peterburgdagi Bosh konsulligi yetakchisi Aleksandr Sosonyukni qo‘lga oldi. Bu haqda Rossiyaning Jamoatchilik bilan aloqa markazi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Ukrainaning Sankt-Peterburgdagi konsuli Aleksandr Sosonyuk huquqni muhofaza qilish idoralari va FXX ma’lumotlari bazasidan maxfiy axborotlarni olgani uchun ushlangan.
Foto:Ukrainaning Sankt-Peterburgdagi konsuli Aleksandr Sosonyuk
“Federal xavfsizlik xizmati 16 aprel kuni Ukrainaning Sankt-Peterburgdagi Bosh konsullik xodimi, diplomat Aleksandr Sosonyukni Rossiya fuqarosi bilan uchrashuv paytida huquqni muhofaza qilish idoralari va FXX ma’lumotlari bazasida mavjud bo‘lgan maxfiy axborotni olganida jinoyat ustida ushladi”, deyiladi xabarda.
Razvedka xizmati ukrainalik diplomatga nisbatan xalqaro qonunlarga muvofiq choralar ko‘rilishini qo‘shimcha qilgan.
Kiyevning rasmiy javobi
Ukraina tomoni Rossiya maxsus kuchlari hibsga olgan konsulini Kiyevga qaytarish uchun tayyorgarlik ko‘rayotganini ma’lum qilgan.
“Yaqin vaqtlarda biz uning uyiga qaytish masalasini albatta hal qilamiz. Rossiya huquqni muhofaza qilish idoralarining bu harakatlari provokatsiya bo‘lib, Vena konvensiyasini qo‘pol ravishda buzishdan boshqa narsa emas”, deydi Ukraina Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Yevgeniy Yenin.
Shuningdek, vazir o‘rinbosari Ukraina tomoni rossiyalik diplomatlarga qarshi chora tayyorlayotganini ma’lum qilgan.
“Mavjud xalqaro amaliyotga muvofiq va o‘zaro teng munosabatlar tamoyili asosida Ukraina tomoni Rossiya diplomatlariga javob tayyorlamoqda”, deydi Yenin.
Ma’lumot uchun, 1961 yilda qabul qilingan xalqaro hujjat – Vena konvensiyasiga ko‘ra, xizmat vazifasini o‘tayotgan diplomatlar immunitet va daxlsizlik huquqiga ega.
LiveBarchasi