Chexiya 18 nafar rus diplomatini josuslikda ayblab mamlakatdan chiqarib yuboradi. Petrov va Boshirov qidiruvda
Olam
−
18 aprel 2021
5070Ikki kun ichida Pragadagi elchixonaning 18 nafar rossiyalik diplomati mamlakatni tark etishi kerak. Ular maxsus xizmatlarda ishlaganlikda ayblanmoqda. Bu haqda Chexiya Tashqi ishlar vaziri Yan Gamachek ma’lum qildi.
“Chexiya Tashqi ishlar vaziri sifatida men Rossiyaning Pragadagi elchixonasi xodimlarini chiqarib yuborishga qaror qildim. Bizning maxsus xizmatlarimiz tomonidan ular SVR va GRU rus maxsus xizmatlarining zobitlari ekani fosh etildi. Rossiya elchixonasining 18 xodimi 48 soat ichida Chexiyani tark etishi kerak”, deydi mamlakat TIV rahbari.
E’tiborlisi, Gamachek 19 aprel kuni Rossiyaga “Sputnik V” koronavirusiga qarshi vaksinasini olish bo‘yicha muzokaralar uchun tashrif buyurishi kerak edi, ammo u tashrifni bekor qildi.
Chexiya hukumati Rossiya razvedkasini mamlakat janubi-sharqida joylashgan Zlin mintaqasi Vrbetitse qishlog‘idagi o‘q-dorilar omborlarida sodir bo‘lgan portlashlarga aloqador, deb hisoblamoqda. Portlashlar 2014 yil 16 oktyabr va 3 dekabr kunlari sodir bo‘lgan. Birinchi portlash ikki kishining hayotiga zomin bo‘lgan.
Chexiya politsiyasi 2014 yil oktyabr oyining birinchi yarmida Praga va Zlin viloyatiga tashrif buyurgan ikki kishini qidiruvga berdi. Ular Aleksandr Petrov va Ruslan Boshirov nomidagi rus pasportlaridan, shuningdek Nikolay Popa nomidagi Moldova pasporti hamda Ruslan Tabarov nomidan Tojikiston pasportidan foydalangan.
Ma’lumot uchun, 2018 yilda Buyuk Britaniya Petrov va Boshirovni Rossiyaning sobiq razvedkasi xodimi Sergey Skripalni Solsberida “Novichok” bilan zaharlanganlikda ayblagandi.
2018 yil kuzida Bellingcat loyihasi va The Insider nashri qo‘shma surishtiruv natijalarini e’lon qilgan, unga ko‘ra Boshirovning haqiqiy ismi-sharifi Anatoliy Chepiga ekani, Petrov esa Aleksandr Mishkinligi ma’lum qilingandi. Tadqiqotchilar ular GRU zobitlari ekanini tasdiqlagan. Maxfiy manbalarning Rossiya ma’lumotlar bazalariga asoslangan ma’lumotlari orqali Bellingcat ma’lumoti tasdiqlangan. Moskva Solsberidagi hujumga aloqadorligini tan olmagan.
LiveBarchasi