Zidan murabbiylikka qaytishi mumkin
Sport
−
13 Oktabr 2025 6578 2 daqiqa
Kecha, 12 oktyabr kuni futbol afsonasi Zinedin Zidan “Trento Sports Festival” tadbirida ishtirok etdi. Tadbirda Zidan bir kun kelib terma jamoaga murabbiylik qilish niyatida ekanini ma’lum qildi. Bu haqda “TalkSport” nashri xabar berdi.
“Murabbiylikka qaytishimga ishonchim komil. Hozircha vaqti ma’lum emas, biroq bir kun terma jamoani boshqarishni istayman”, deydi 53 yoshli Zidan.
Shu bilan birga, u murabbiyning roli, kuch-quvvati va xohishi jamoaning muvaffaqiyatida katta ahamiyatga ega ekanligini qo‘shimcha qildi:
“Eng muhimi futbolga ishtiyoq bilan yondashish. Murabbiyning kuchi va xohishi jamoa muvaffaqiyatining 80 foizini tashkil qiladi”, dedi u.
Zidan 1998 yilgi jahon chempionati finalida Braziliyaga qarshi ikki gol urib, Fransiyaning tarixiy g‘alabasiga sababchi bo‘lgan edi. Murabbiy sifatida esa u “Real Madrid” bilan ketma-ket uch marta Chempionlar Ligasida g‘alaba qozongan. Zinedin Zidan murabbiylik faoliyatida faqat Ispaniyaning “Real Madrid” jamoasida ishlagan (2016-2018 va 2019-2021 yillar oralig‘ida). U 2021 yil may oyida “Real Madrid”ni tark etganidan beri murabbiylik faoliyatini davom ettirmayapti.
Ma’lumot uchun, Fransiya terma jamoasining amaldagi bosh murabbiyi Dide Desham 2026 yilgi Jahon chempionatidan so‘ng lavozimini tark etishini ma’lum qilgan. Shu bois, Zidan uning o‘rniga asosiy nomzodlardan biri sifatida tilga olinmoqda.
Live
Barchasi