Jurnalistlar o‘limi: Jurnalistika hamon xavfli kasbligicha qolmoqda

Tahlil

image
Jurnalist Baxtiyor Esonov hujumga uchrab, do‘pposlandi north_east

Jurnalist Baxtiyor Esonov hujumga uchrab, do‘pposlandi

So‘nggi o‘n yil ichida o‘rtacha har to‘rt kunda biron bir jurnalist vafot etgan. Bundan tashqari, bugungi kunda jurnalistlarni o‘ldirish va ta’qib qilishlar soni qurolli to‘qnashuvlar va urushlar davom etayotgan hududlarda emas, balki tinch mamlakatlarda o‘sib bormoqda. Bu haqda UNESCO hisobotida aytilgan. Unga ko‘ra, jurnalistika hamon xavfli kasblar qatorida qolmoqda.

Hisobotga ko‘ra, 2018-2019 yillarda dunyo bo‘ylab 156 jurnalist o‘ldirilgan, aksariyat hujumlar Lotin Amerikasi va Karib dengizida sodir bo‘lgan. Dunyoning ushbu qismida matbuot xodimlarining o‘ldirilishi barcha qotilliklarning 31 foizini, Osiyo-Tinch okeani mintaqasida esa 30 foizni tashkil etadi. 

To‘g‘ri, 2019 yilda 57 nafar jurnalist qotillik qurboni bo‘lgan va bu so‘nggi uch yilda eng past ko‘rsatkich. Umuman olganda, 2018-2019 yillarda jurnalistlarning qotillikka uchrashi oldingi ikki yilga nisbatan 14 foizga kamaygan. UNESCO buni yuqori natija deb hisoblashi mumkinmi yo yo‘q, hali aniq emas. 

Boshqa tomondan, yana bir tendensiya aniq va afsuski, juda xavotirli. Bugungi kunda mojaro yuzaga kelgan qurolli to‘qnashuvlar hududida jurnalistlarning o‘limi juda kam bo‘lishiga qaramay, so‘nggi 7 yil ichida tinch mamlakatlarda ommaviy axborot vositalari xodimlarining o‘ldirilishi eng yuqori darajaga yetgan. Bu jurnalistlar korrupsiya, inson huquqlarining poymol etilishi, odam savdosi va siyosiy nopoklikning namoyon bo‘lishi kabi muammolarni ko‘tarib, buning badalini joni bilan to‘lamoqda. Ularning 95 foizi esa mahalliy jurnalistlar.

“Fikr bildirish erkinligining asosiy huquqini himoya qilish va fuqarolarning ishonchli ma’lumotlarga ega bo‘lishini ta’minlash uchun jurnalistlar o‘z xavfsizligini shubha ostiga qo‘ymay faoliyatini amalga oshirishi kerak va ularga nisbatan jinoyat sodir etganlar doimo javobgar bo‘lishlari shart”, deydi UNESCO Bosh direktori Odri Azulay.

Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, jurnalistlarning o‘ldirilishi bilan bog‘liq jinoyatlarning faqat 10 foizdan ko‘prog‘i tergov organlarigacha yetib bormoqda. Oxirgi uch yilda tergov bilan bog‘liq raqamlarda o‘sish kuzatilgan. 2018 yilda 11 foiz, 2019 yilda 12 foiz, 2020 yilda esa 13 foizga yetgan. Ammo buni o‘sish deb aytib bo‘lmaydi. 

2006 – 2019 yillar davomida Sharqiy Yevropada 45 nafar jurnalist o‘z xizmat vazifasini bajarish chog‘ida o‘ldirilgan. Ushbu qotilliklarning yarmidan ko‘pi, ya’ni 24 nafarining o‘ldirilishi bo‘yicha jinoyatlar hamon fosh etilmagan, qotillar aniqlanmagan. 

Joriy yilda UNESCO jurnalistlarni o‘ldirish bo‘yicha tergov jarayonlari to‘g‘risida 63 ta mamlakatga so‘rov yubordi. Bular 2006 – 2019 yillarda Tashkilot tomonidan ro‘yxatga olingan 1167 holatning 992 tasiga tegishli. Ukrainaga 11 ta so‘rov yuborilgan bo‘lib, mamlakatda jurnalistlar Pavel Sheremet, Olesya Buzina, Vadim Komarov va bir qator ommaviy axborot vositalari xodimlarining qotilliklari bo‘yicha jinoiy ishlar hali tugamagan. 

Ma’lum bo‘lishicha, aksariyat hollarda zo‘ravonlik qurbonlari erkak jurnalistlardir. UNESCO buni siyosiy korrupsiya yoki uyushgan jinoyatchilik kabi “xavfli” mavzularni va mojarolarni ayol jurnalistlar kamroq yoritishi bilan izohlaydi. Bunga qisman tahririyat Bosh muharrirlarining xavfli yoki jiddiy ishlarga ayollarni yubormaydigan tarafkashligi sabab bo‘lishi mumkin.

Shu bilan birga, ayollar jismoniy va psixologik, jumladan zo‘rlash tahdidi, shaxsiy ma’lumotlarni to‘plash va tarqatish va chuqur feyklar (uydirma fotosuratlar yoki videofilmlar,  ko‘pincha uyatsiz shaklda) yoki jinsiy zo‘ravonlik ob’ektiga aylanishi ehtimoli ko‘proq.

Jurnalistlarga ishonib topshirilgan eng muhim vazifalardan biri – bu haqiqatni ochishdir, deb ta’kidlaydi UNESCO. Bu faktlarni topish, yig‘ish va tekshirishni anglatadi. So‘ngra ular jamoatchilikka yetkaziladi. Shuning uchun BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning so‘zlariga ko‘ra, jurnalistlar "hokimiyatdagilarga haqiqatni aytishga" majbur qiladigan alohida pozitsiyaga ega. 
 
Biroq, haqiqat va kuch har doim ham bir-biriga mos kelmaydi, deb ta’kidlaydi UNESCO Bosh direktori Odri Azulay. Uning so‘zlariga qaraganda, bu yil UNESCO jurnalistlarni haqiqatni keng jamoatchilikka yetkazishda yuzaga keladigan xavf-xatarlardan xabardorligini oshirish uchun #EndImpunity xabardorlik kampaniyasini boshladi. 

“Bugun men barcha odamlarni ushbu kampaniyaga qo‘shilishga, barcha a’zo davlatlarni, xalqaro va nodavlat tashkilotlarni jurnalistlarning xavfsizligini ta’minlash va jazosizlikni yo‘q qilish uchun kuchlarni birlashtirishga chaqiraman”, deydi Odri Azulay. “Faqatgina ommaviy axborot vositalarining xodimlariga qarshi jinoyatlarni tergov qilish va aybdorlarni javobgarlikka tortish orqali biz fuqarolarning axborot olishlari va so‘z erkinligini ta’minlay olamiz”. 


Maqola muallifi

Teglar

jurnalist

Baholaganlar

57

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing