Jurnalist Baxtiyor Esonov hujumga uchrab, do‘pposlandi
Jamiyat
−
28 noyabr 2020
50405O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligiga qarashli “O‘zbekiston qishloq va suv xo‘jaligi jurnali” jurnali muxbiri Baxtiyor Esonov noma’lum shaxslar tomonidan kaltaklanib, dala chetidagi ariqqa tashlab ketildi. QALAMPIR.UZ ijtimoiy tarmoqda tarqalgan ushbu xabarga aniqlik kiritish maqsadida Bosh prokuratura bilan bog‘landi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 21 noyabr kuni fuqaro J.K. “Ilhom”ismli shaxs bilan Zangiota tumani, Tarnov mahallasida joylashgan kafeda spirtli ichimlik iste’mol qiladi. J.K. soat 21:00 larda mast holatda o‘ziga tegishli bo‘lgan oq rangli Matiz rusumli 10 O 538 TA davlat belgili avtomashinada tanishi bilan ketayotgan vaqtda yo‘lda avtomashinani to‘xtatib turgan jurnalist Baxtiyor Esonovning oldiga kelib to‘xtaydi va manziliga yetkazib qo‘yishni aytib, To‘qimachi mahallasiga olib keladi.
Shundan so‘ng Baxtiyor Esonovni avtomashinadan tushirib, uni do‘pposlab, tan jarohati yetkazishadi. Ular Esonovning yonida bo‘lgan O‘zbekiston qishloq va suv xo‘jaligi jurnalida muxbir lavozimida ishlashini tasdiqlovchi xizmat guvohnomasi, 1mln so‘m puli, 100 AQSH dollari, 1 dona “Asakabank”ka tegishli bo‘lgan plastik kartasi, bir dona O‘zbekiston milliy kutubxonasi kartochkasi va bir dona (telefon) quvvatlagichni olib, hodisa joyidan yashirinishgan.
Jurnalist Baxtiyor Esonov olgan turli xildagi tan jarohatlari bilan Toshkent tibbiyot akademiyasining ko‘p tarmoqli klinikasiga stansionar davolanishga yotqizilgan.
Toshkent tibbiyot akademiyasining 21 noyabrdagi 9575-sonli tibbiy ma’lumotnomasiga ko‘ra, Baxtiyor Esonovning tanasidagi bosh miya yopiq jarohati, bosh miya chayqalishi, ikkala qosh, chap qovoq, o‘ng yanoq va lab shilliq qavati lat yegan yaralari, burun suyagi sinishi kabi jarohatlari borligi ko‘rsatilgan.
Olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari natijasida J.Kuldasov ushlanib, undan Baxtiyor Esonovning xizmat guvohnomasi, 1mln so‘m puli, 100 AQSH dollari, 1dona “Asakabank”ka tegishli bo‘lgan plastik karta, bir dona O‘zbekiston milliy kutubxonasi kartochkasi va bir dona (telefon) quvvatlagichlar daliliy ashyo tariqasida olingan.
Mazkur holat yuzasidan joriy yilning 26 noyabr kuni tuman IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan fuqaro J.K. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 164-moddasi 3-qismi “a”bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilingan va Jinoyat protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan.
Hozirda, IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda
LiveBarchasi