O‘zbekistonlik sobiq siyosiy mahkum Germaniyada vafot etdi
Jamiyat
−
27 iyul 42663 1 daqiqa
2008 yilning 10 oktyabrida mashinasidan narkotik moddalar chiqqan, deya iddao qilinib, o‘n yillik qamoq jazosiga hukm qilingan jurnalist Solijon Abdurahmonov kecha, 26 iyul kuni 75 yoshida Germaniyada vafot etdi. Bu haqda “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov ma’lum qildi.
“Akaning armoni – ishi bo‘yicha oqlov ololmadi. Narkotik tashlab qamashgandi. 75 dan o‘tgandi, joyi jannat bo‘lsin! Alvido, yaxshi inson!”, deb yozdi Abdurahmon Tashanov.
Uning yozishicha, hozirga qadar Berlinda istiqomat qilib kelgan marhumning bolalari qidirilmoqda.
Ma’lumot uchun, marhum Qarshi shahridagi Shayxali qamoqxonasida saqlanayotgan vaqtida bir qancha xalqaro inson huquqlari nohukumat tashkilotlari uni ozod qilishga chaqirgan, jumladan “Amnesty International” uni vijdon mahkumi deb e’lon qilgan. 2014 yilda so‘z va matbuot erkinligi uchun “Iogann Filipp Palm” mukofoti bilan taqdirlangan. Abdurahmonov o‘ziga nisbatan qo‘yilgan aybni hech qachon bo‘yniga olmagan. Uningcha, giyohvand moddalar organlar tomonidan ataylab tashlab qo‘yilgan. U 2017 yilda Islom Karimov vafotidan so‘ng, 9 yil-u 4 oylik qamoq jazosini o‘tab, ozodlikka chiqqan.
Solijon Abdurahmonov Qoraqalpog‘istondagi oddiy insonlar hayoti hamda Orol dengizi qurishining insoniy ta’siri haqidagi maqolalari bilan tanilgan.
Live
Barchasi