Jurnalist Dunsova Rossiya MSKga hujjatlarini topshirdi

Olam

image

Kecha, 20 dekabr kuni jurnalist, Rjev shahar kengashining sobiq deputati Yekaterina Dunsova Rossiya Markaziy saylov komissiyasiga (MSK) prezidentlikka nomzodini ko‘rsatish bo‘yicha o‘z tashabbus guruhini ro‘yxatga olish uchun hujjatlarini topshirdi. Bu haqda u ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida ma’lum qildi.

“Shu paytdan boshlab komissiya hujjatlarni ko‘rib chiqish va guruhni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun 5 kunlik muddatga ega. Ro‘yxatdan o‘tishni rad etish uchun asoslar yo‘qligini aytmoqchiman”, deb yozgan Dunsova.

MSK tomonidan ijobiy qaror qabul qilinsa, potensial nomzod saylov hisobini ochishi va imzo to‘plashi mumkin bo‘ladi. O‘z-o‘zini ko‘rsatgan nomzod sifatida Dunsovani yanvar oyi oxirigacha 300 ming rossiyalik qo‘llab-quvvatlashi kerak.

Dunsova saylov kampaniyasida unga yordam beradigan, jumladan, Rossiyaning ko‘plab shaharlarida ochishni rejalashtirayotgan imzo to‘plash markazlarida ishlash uchun ko‘ngillilarni qidirayotganini aytgan. U 135 ming potensial saylovchilar uning nomzodini qo‘llab imzo chekishga rozi bo‘lganini ta’kidlagan.

Ma’lumot uchun, Dunsova huquq va telejurnalistika sohalarida ikkita oliy ma’lumotga ega. U uch farzandning onasi. Uning saylovoldi dasturining asosiy nuqtalari – Ukrainadagi urushni tugatish, siyosiy mahbuslarni ozod qilish va demokratik islohotlarni amalga oshirish.

U prezidentlikka nomzodini qo‘yish istagini bildirganidan so‘ng jurnalist prokuraturaga chaqirilgan.

"Ular "maxsus harbiy operatsiya" haqidagi fikrimni bilishni xohladi. Men hech narsa demasligimni aytdim va Konstitutsiyaning 51-moddasiga ishora qildim”, deydi Dunsova.

Jurnalistning tashviqot videosida aytilishicha, 2022 yil fevral oyida amaldagi Prezident “maxsus harbiy operatsiya" amalga oshirilishini e’lon qilganidan beri odamlar har kuni o‘lmoqda.

“Aminmanki, ular yashashni xohlagan. Biz hammamiz yashashni xohlaymiz va bizga tinchlik kerak”, degan Dunsova.

Uning so‘zlariga ko‘ra, korrupsiya oddiy hol sifatida qabul qilinishi, nafaqaxo‘rlarga pensiyalarining kommunal xizmatlar, oziq-ovqat va dori-darmonlarga zo‘rg‘a yetishi va mamlakatda hamma uchun hamma narsani bir kishi hal qilishi normal emas.

"Men hammamizning va mamlakatimizning kelajagi bo‘lishi, siz va men buni birgalikda belgilay olishimiz uchun Rossiya prezidentligiga nomzodimni qo‘yyapman”, deydi u.

Ma’lumot uchun, amaldagi Prezident Vladimir Putin ham allaqachon 2024 yilda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarida nomzod sifatida ro‘yxatga olish uchun hujjatlarni MSKga taqdim etgan. U sobiq sportchilar, amaldorlar va keksa san’atkorlardan iborat Kreml tomonidan yig‘ilgan "tashabbuskor guruh" tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, rasman "o‘zini-o‘zi ko‘rsatgan" nomzodga aylangan. "Kommersant’" manbalariga ko‘ra, Putinning saylov shtabiga tan olinmagan “DXR” parlamenti spikeri Artyom Joga, aktyor Vladimir Mashkov va shifokor Maryana Lisenko rahbarlik qiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ekaterina Duntsova

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing