Jungli o‘rmonlarida 1000 yillik yashirin shahar topildi

Bu qiziq

image

Xalqaro arxeologlar guruhi Meksika junglilarida ilgari noma’lum bo‘lgan, olimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, ming yildan ortiq vaqt davomida yashirin bo‘lib kelgan Mayya sivilizatsiyasiga tegishli shaharni topdi. Bu haqda “Mirror” xabar berdi.

Qayd etilishicha, ushbu topilma Kampeche shtatidagi Kalakmul biosfera qo‘riqxonasida sloveniyalik va meksikalik tadqiqotchilarning qo‘shma ekspeditsiyasi davomida aniqlangan. Yangi arxeologik yodgorlikka yukatek mayyalari tilida “yo‘l yo‘q” degan ma’noni anglatuvchi Minanbe nomi berilgan. Bunday nom qadimiy shahar joylashgan hududga o‘tish juda qiyin bo‘lganligi sababli tanlangan.

Ekspeditsiyaga Sloveniya fan va san’at akademiyasi Ilmiy-tadqiqot markazi arxeologi Ivan Shprays rahbarlik qilgan. Dala ishlaridan oldin mutaxassislar hududning lazerli skanerlash (LiDAR) ma’lumotlarini o‘rganib chiqqan. Ushbu ma’lumotlar qalin jungli qoplami ostida sun’iy inshootlar mavjud bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatgan.

Tekshiruv davomida arxeologlar maydoni taxminan 13 gektarni tashkil etuvchi shaharni aniqlagan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, u milodning 600 va 900 yillari oralig‘idagi davrda barpo etilgan. Minanbe hududida ko‘plab inshootlar, jumladan, Rio-Bek arxitektura uslubidagi 13 metrli piramida, shuningdek, suv ramzlari va boshdan judo qilish sahnalari tasvirlangan tosh releflar saqlanib qolgan.

Ekspeditsiya ishtirokchilarining so‘zlariga ko‘ra, shahar deyarli shikastlanmagan holatda topilgan. Ko‘plab boshqa mayya yodgorliklaridan farqli o‘laroq, bu yerda talon-toroj qilish izlari aniqlanmagan, bu esa topilmaning arxeologlar uchun qiymatini yanada oshiradi. Olimlarning fikricha, Minanbe iqtisodiyoti qishloq xo‘jaligiga asoslangan muhim mintaqaviy markaz bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq geologlar Kanadaning Ontario provinsiyasidagi Kidd-Krik konidan yer po‘stlog‘ida taxminan ikki milliard yil davomida izolyatsiyada qolgan suvni topgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing