Juma namozini uyda jamoat bo‘lib o‘qish mumkinmi?

Bu qiziq

image

Joriy yilning 15 mart kuni O‘zbekistonga koronavirus infeksiyasi kirib kelishi ortidan mamlakatda barcha ommaviy va sport tadbirlari bekor qilindi. O‘zbekiston musulmonlar idorasi masjidlarda namoz o‘qishni to‘xtatish bo‘yicha fatvo chiqardi va hatto juma namozni uyda o‘qishni tavsiya qildi.

Juma namozini uyda jamoat bo‘lib o‘qish mumkinmi? Mazkur savolga O‘zbekiston musulmonlari idorasi fatvo hay’ati javob berdi. 

“Koronavirus tufayli bugungi juma namozi o‘qilmasligi, uning o‘rniga uyda har kim peshin namozini o‘qishi lozimligi muftiyat tomonidan e’lon qilindi. Shu o‘rinda aholida juma namozini uyda jamoat bo‘lib o‘qish mumkinmi, degan savol tug‘ilmoqda.

Bismillahir Rohmanir Rohim. Shu kunlarda aksar musulmon yurtlarining xalqaro va mahalliy fatvo uyushmalari, ulamolari mo‘min-musulmonlarning jonlarini omon saqlash uchun masjidlarda yig‘ilmaslik, xavf o‘tib ketguncha ibodatlarni uyda ado etib turish qaroriga kelishgan. Bunga yetarlicha asos borligini va masala jiddiy ekanligini eslatishgan. O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi fatvosida ham juma namozi o‘rniga uyda peshin namozi ado etilishi aytilgan.

Fiqhiy manbalarimizga murojaat qiladigan bo‘lsak, juma namozi durust bo‘lishi uchun juma namoziga davlat boshlig‘i yoki uning o‘rinbosari tomonidan umumiy ruxsat (izni omma) bo‘lishi, jum’a namozini odamlarga davlat boshlig‘i yoki muftiy tomondan tayinlangan kishi ado qilib berishi kerak. Demak, juma namozini uyda o‘qilganda mana shu shartlar topilmaydi, natijada namoz durust bo‘lmaydi. Bu haqida muhaqqiq olim Mulla Ali Qori rahimahulloh shunday deydilar: 

(والإِذْنُ العَامُّ) أي وشرط لأدائها الإذن العامّ لأنها من شعائر الإسلام، فيجب إقامتها على وجه الاشتهار بين الأنام،

ya’ni: “Jum’ani ado qilish uchun umumiy ruxsat (izni omma) bo‘lishi shart qilingan. Chunki jum’a – Islom shiorlaridan biri. Uni odamlar orasida ochiqchasiga qoim qilish shart bo‘ladi” (“Fathu bobil inoya” kitobi).

Bu mavzuda Ibn Obidin rahimahulloh shunday deydilar:

الْإِذْنُ الْعَامُّ وَهُوَ أَنْ تُفْتَحَ أَبْوَابُ الْجَامِعِ وَيُؤْذَنَ لِلنَّاسِ ، حَتَّى لَوْ اجْتَمَعَتْ جَمَاعَةٌ فِي الْجَامِعِ وَأَغْلَقُوا الْأَبْوَابَ وَجَمَعُوا لَمْ يَجُزْ

Ya’ni: “Umumiy ruxsat – jome’ masjidi ochilib, odamlar kirishiga ruxsat bo‘lishidir. Hatto, agar masjidda bir jamoat yig‘ilib, eshikni yopib olib jum’a namozini o‘qisalar, namozlari durust bo‘lmaydi” (“Raddul muhtor” kitobi).

E’tibor berilsa, bu masalada, umumiy ruxsat bo‘lmaganda, hatto bir jamoat masjidga kirib, o‘zlaricha juma o‘qisalar ham, namozlari durust bo‘lmasligi bayon qilinmoqda.

Xulosa o‘rnida aytamizki, hozirgi sharoitda hammamiz ittifoq bo‘lib, shariatimiz ko‘rsatmalariga amal qilishimiz, Alloh taoloning sinov-imtihonlaridan go‘zal suratda o‘tishga harakat qilishimiz lozimdir. Nafl ibodatlar, tilovati Qur’on, duo-tasbehlar, qiyin sharoitda qolganlarga xayru ehson qilish kabi Alloh taologa xush keladigan amallarni ko‘paytiraylik. Boshimizga kelgan sinovni ham savob ishlash uchun g‘animat fursat, deb bilaylik. Shoyadki, Alloh taolo tez kunlarda fazilatli, katta jamoatlarda namozlarni ado qilishni nasib aylasa, xalqimizga xotirjamlikni qaytarsa. Alloh taolo dunyo musulmonlari, jumladan xalqimizdan turli balo-ofatlarni uzoq qilsin!”, deyiladi fatvo hay’ati javobida.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtda bemorlar 23 nafarni tashkil etmoqda

Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor


Maqola muallifi

Teglar

Juma namozi koronavirus

Baholaganlar

75

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing