Suriyani bir tom ostida birlashtirish og‘ir kechmoqda. Asad izdoshlaridan so‘ng, Netanyaxu tomonidan dastaklanayotgan druzlar Jo‘loniy uchun navbatdagi to‘siqqa aylandi
Tahlil
−
04 may 12058 8 daqiqa
Ahmad ash-Shara (Abu Muhammad al-Jo‘loniy nomi bilan ham mashhur) hokimiyatga kelganiga 5 oy bo‘ldi. Ammo hozirgacha uning Turkiya qo‘llovidagi ma’muriyati markaziy davlatlatchilik qurish va yillar davomida bo‘laklarga bo‘lingan davlatni bir tom ostiga birlashtirishda jiddiy muammolarga duch kelmoqda.
Joriy yil mart oyining ilk kunlarida Latakiyada sodir bo‘lgan alaviylar isyonidan keyin aprel tugashiga yaqin yangi ma’muriyat yana bir keskinlik bilan yuzlashdi. Navbatdagi muammo huddi birinchisi kabi etnik va diniy ozchilik atrofida kechmoqda. Suriya bo‘ylab 700 mingga yaqin aholini tashkil qiluvchi yahudiylarga yaqin druzlar mazkur insident markazida. Ushbu hodisalarning boshlanish nuqtasi 29 aprel kuniga borib taqaladi. Livan va mahalliy Suriya manbalariga ko‘ra, Damashq yaqinidagi Jaramana shahrida druzlar va sunniy qurolli guruhlari o‘rtasida to‘qnashuv yuzaga kelgan. Bu qarama-qarshilikda kamida dastlab ikki kishi halok bo‘lgani aytildi, ammo keyinchalik Suriya hukumati voqea yuzasidan rasmiy bayonot berib, to‘qnashuvlarda jami 13 kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi. So‘ngra 143 mingdan ortiq druzlar istiqomat qiluvchi Isroilda ushbu voqea ortidan noroziliklar kuchaydi. Asosan mamlakat shimolida yashovchi bu etnik ozchilik ko‘chalarda namoyish o‘tkazib, yo‘llarni to‘sib qo‘ygan va Tel-Avivdan Suriyadagi druz jamoasiga yordam berishni so‘ragan. Aynan shu voqealar ketma-ketligi ayni damda Isroilning Suriyaga tajovuzi boshlanishiga uzoq kutilgan “asos” bo‘ldi. Quyida shular haqida batafsil so‘z yuritiladi.
Mojaroning o‘t olishi
Druzlar va qurolli guruhlar o‘rtasidagi nizo hafta boshida tarqalgan va Muhammad payg‘ambarni kamsituvchi audio yozuv ortidan boshlangan. Druz jamoasi ruyhoniylaridan biriga tegishli degan gumon ostida sunniy qurolli guruhlar ularga hujum qilgan. Ammo keyinchalik bu versiya rad etildi va Suriya hukumati mazkur axborot yolg‘on ekanini tasdiqladi. Bu orada druzlarning ma’naviy liderlaridan biri Hikmat al-Hijriy bu hujumda prezident Ahmad ash-Sharani aybladi, buni genotsid deb atadi va Suriya janubidagi druzlarni himoya qilish haqida bayonot berib, tashqi kuchlardan xalqaro aralashuvni amalga oshirishni so‘radi. Ammo bu paytda Suriyadagi druzlarning qolgan ikki diniy yetakchilari hukumat bilan muzokara olib borish yo‘lini tanlagandi.
Isroil esa bunday chaqiriqlar va o‘z hududida yashovchi druzlarning noroziliklari bahonasida Suriyaga zarba bera boshladi. Eng qizig‘i, bu keskinlashuv Isroilning rasmiy va norasmiy doiralarida “Suriya bo‘lib tashlanmaguncha yahudiy hukumati tinchimasligi” haqida gap-so‘zlar urchiyotgan va Suriya osmonidagi Turkiya uchoqlarini urib tushirishga chaqiriqlar kuchaygan bir paytda boshlandi. Bu esa o‘z o‘rnida druzlar mojarosi tasodifan sodir bo‘lmaganidan darak beradi. Shu bois voqealar ortida Isroil turgani to‘g‘risidagi versiyalar haqiqatga ancha yaqinroq bo‘lishi mumkinligi ehtimoli ham yo‘q emas.
Xullas, 30 aprel kuni Suriyada druzlarga hujum uyushtirilganidan so‘ng Bosh vazir Netanyaxu Isroil armiyasiga ekstremistik guruhlarga qarshi ogohlantiruvchi zarba berish buyrug‘ini bergan. Suriya davlat axborot agentligi – SANA xabariga ko‘ra, Isroil hujumlari Damashq, Hama va Daryadagi qishloqlarga zarar yetkazgan. Damashqqa qilingan havo hujumida halok bo‘lgan va yaralanganlar bor. Suriya rasmiylari Isroilning bunday qo‘pol aralashuvini mamlakatni beqarorlashtirishga urinish deb atadi. Isroil tomoni esa Suriyaga zarbalarni druzlarga qilingan hujum va uni oldini olish, ushbu etnik ozchilikni himoya qilish haqidagi signal deya o‘zini oqlab kelyapti.
Vaziyatning eng murakkab nuqtasi 1 may kuni Isroil armiyasi Damashqdagi Suriya prezidenti Ahmad ash-Sharaning qarorgohi yaqinida joylashgan nishonlardan biriga bergan zarbasi bo‘ldi. Hatto Netanyaxuning o‘zi buni tasdiqladi. U buni “Suriyaga aniq signal” va druz guruhlariga nisbatan tahdidning oldini olish maqsadida amalga oshirilgan deya ta’kidladi. Isroil Mudofaa vaziri Isroil Kats ham chiqish qilib, agar Suriyaning yangi rahbariyati druzlarga qarshi hujumlarning oldini ola olmasa, Isroil bunga kuch bilan javob berishini bildirdi.
Suriya ma’muriyatining muvaqqat rahbari Ahmad ash-Shara Isroil tomonidan Damashqdagi prezident saroyi hududiga uyushtirilgan havo hujumlarini xavfli eskalatsiya deb atadi va Isroilga qarshi ilk bor jiddiyroq ritorikaga o‘tdi. Ash-Shara Isroilni “mamlakatni beqarorlashtirishga urinish” va “xavfsizlik inqirozini yomonlashtirish”da aybladi. Suriyaning o‘tish davri prezidenti xalqaro hamjamiyat va arab mamlakatlarini xalqaro huquqni buzuvchi tajovuzkor hujumlarga qarshi turishda Suriyani qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi. Bu hokimiyatni egallagandan buyon ash-Shara tomonidan Isroil tajovuziga qarshi tashqaridan so‘ralgan ilk “iltimosnoma” hisoblanadi. U Damashqni qo‘lga kiritib, Asadni ag‘dargandan so‘ng “Hayat Tahrir ash-Shom” (HTSH) Turkiya tomonidan qo‘llab-quvvatlangani deyarli ochiq holda aytilgan bir paytda ash-Shara ma’muriyati Isroilning ashaddiy dushmaniga aylanishi mumkinligi haqida taxminlar tarqalgandi. Biroq u bunday kutilmalarni butunlay rad etdi va ko‘p bora Isroil bilan urushish niyati yo‘qligi, yaxshi qo‘shnichilikka intilishi haqida signallar berib keldi. U hatto o‘tgan kunlar davomida Suriyaga tashrif buyurgan AQSH kongressmeniga ham Damashq Isroil bilan aloqalarni normallashtirmoqchi ekanligini aytgandi. Ammo har chand chiranmasin bugun Netanyaxu boshchiligidagi rejimga Turkiyaning Suriyadagi faolligi yoqmayapti. O‘tgan oylar mobaynida Shomdagi dominantlik uchun har tomonlama harakat qilib kelgan Anqaradan esa hozircha amaliy qadamlar tashlanganicha yo‘q.
Druzlar kimlar?
Druzlar arab tilida so‘zlashuvchi etnik guruh bo‘lib, “druzizm” deb ataluvchi XI asrda ismoiliylikdan ajralib chiqqan diniy ta’limotga e’tiqod qiluvchi xalqdir. Ular butun dunyo bo‘ylab turli hajmda tarqalgan va umumiy soni 1 milliondan oshadi. Ularning eng asosiy istiqomat qiladigan davlatlari Suriya va Isroil bo‘lib, birida 700 ming, boshqasida 143 mingga yaqin druzlar bor. Suriyadagi druzlar asosan Damashqdagi Jaramana va Sahnaya kabi hududlarda hamda Suvayda viloyatida yashasa, Isroildagilar mamlakat shimolida, aniqrog‘i bosqin ostidagi Jo‘lon tepaliklarida istiqomat qiladi. Qolgan druzlar esa Livan va Iordaniya hududlarida yashaydi. Bundan tashqari, ularning qadamlari yer yuzining eng chekka nuqtalari, jumladan, Lotin Amerikasi va Shimoliy Amerika mintaqasi va Avstraliyagacha ham yetgan. Etnik jihatdan druzlar arablarga mansub bo‘lib, o‘zlarining druzizm nomli dini shakllangandan so‘ng alohida jamoa sifatida ajralib chiqqan. Yuqorida ta’kidlanganidek, druzlar dini ilk bor shialikning ismoiliya yo‘nalishidan ajrab chiqqan bo‘lib, keyinchalik mutlaqo alohida dinga aylangan. Bu din ham yakkaxudolikka asoslangan. Druz dinini qabul qilish mumkin emas. Faqatgina druz ota-onadan tug‘ilgan odam druz hisoblanishi mumkin. Bu din XI asrda ya’ni paydo bo‘lishi bilan yopiq dinga aylangan. Ularning e’tiqodiga ko‘ra, 1000 yil avval barcha insonlarda druz bo‘lish imkoni bo‘lgan, ammo bu imkoniyatdan foydalanmaganlar endi unga da’vogar bo‘la olmaydi. Shu bois mazkur mahalliy din yopiq hisoblanadi.
Druzlar yer yuzidagi ba’zi sanoqli millatlar jumladan, kurlar, uyg‘urlar va lo‘lilar qatorida o‘z davlatiga ega emas. Ammo e’tiborga molik jihati shuki, ularning qadriyatlariga ko‘ra, har bir druz o‘zi yashayotgan davlatga sadoqatli bo‘lishi lozim. Druzlarga o‘zining alohida davlatiga ega bo‘lish va uni tuzish harakatlari taqiqlangani bois ular o‘zi yashab turgan jamiyat xavfsizligini ta’minlash va himoya qilishni eng asosiy burchlaridan biri deb biladi. Masalan, Isroil paydo bo‘lgach, ular yahudiy davlati hududida yashagan holda, Tel-Avivning arablarga qarshi olib borgan barcha urushlarida qatnashib, Isroil armiyasida xizmat qilgan. Bu holat bugun ham Suriya misolida namoyon bo‘lmoqda. Xususan, 1 may kuni Suriya poytaxtining janubi-g‘arbida joylashgan Jaramana chekkasidagi druzlar jamiyati oqsoqollari Suriya hukumati bilan og‘ir qurollarni zudlik bilan hokimiyatga topshirish va mahalliy aholi orasidan huquq-tartibot idoralarini shakllantirish to‘g‘risida kelishib oldi. Bundan tashqari, o‘tish davri hukumati Mudofaa vazirligiga bo‘ysunuvchi mintaqaviy tuzilmalar tashkil etiladigan Suvaydada xavfsizlik nazorat punktlarini joylashtirish bo‘yicha kelishuvga ham erishildi.
Isroilning maqsadi va Damashqni xushlamaydigan druzlar
Isroilning druzlarni himoya qilish bahonasida Suriyaga berayotgan zarbalari ortida Turkiyaning bu yerdagi dominantligiga putur yetkazish va yangi ma’muriyat tomonidan xavfsizlik kuchlarini poytaxt janubiga, ya’ni Isroilga yaqinroq nuqtaga joylashtirishga yo‘l qo‘ymaslik kabi maqsadlar ko‘zlangan. Bundan tashqari, druzlarni himoya qilish orqali Isroil bu etnik guruhni o‘zining Suriyadagi ishonchli vakili sifatida shakllantirmoqchi ekani haqidagi xabarlar ham keng tarqalmoqda. Chunki druzlarning ayrim qismlari allaqachon ash-Sharaga nisbatan dushmanlik kayfiyatida. Masalan, mart oyidagi alaviylar isyonida hukumat kuchlariga qarshi kurashayotganlar orasida shimolda yashovchi kurdlar va janubiy hududlardagi druzlar ham bo‘lgan. Ahmad ash-Shara ortda qolgan 5 oy davomida Suriyani birlashtirishdagi eng katta to‘siq deya ta’riflangan kurdlar bilan ham til topisha oldi. Ammo alaviylar va druzlar kutilganidanda kattaroq muammoga aylanmoqda. Bugun isroillik tahlilchilarning ta’kidlashicha, Netanyaxuning ayni paytdagi strategiyasi Suriyaning yangi hukumatini yo‘q qilishga qaratilgan. Mazkur reja munozarali bo‘lsada, ba’zi rasmiylar barqaror Suriya Isroil manfaatlariga yaxshiroq xizmat qilishiga umid bog‘layotgani aytilmoqda.
Eron nima deydi?
3 may kuni Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ismoil Bag‘ay Isroilning Suriyadagi Damashq, Latakiya, Idlib, Hama, Quneytra va Daryadagi fuqarolik ob’ektlariga qilgan hujumlarini keskin qoraladi. U ushbu harakatlarni Suriyaning mudofaa, iqtisodiy va infratuzilma imkoniyatlarini yo‘q qilish harakati deb baholadi. Eng qizig‘i, Bag‘ay so‘nggi hujumlarni mustaqil davlatni yo‘q qilishga urinish deya bergan izohini Eron endilikda ash-Shara hukumati bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yishga bel bog‘lagani isboti o‘laroq talqin qilish mumkin. Bag‘ay Eronning G‘arbiy Osiyo xavfsizligi va barqarorligida ta’sirchan rol o‘ynaydigan madaniyatli odamlarga ega bo‘lgan mustaqil mamlakat sifatida Suriyaning hududiy yahlitligi va milliy suverenitetini saqlash va himoya qilish zarurligi haqidagi prinsipial pozitsiyasini tasdiqladi.
“Bosqinchi rejimning asosiy maqsadi Suriyaning mustaqil davlat sifatida mudofaa, iqtisodiy va infratuzilma imkoniyatlarini yo‘q qilishdir, shunda u [Isroil] ushbu mamlakatda va mintaqada o‘zining zararli manfaatlarini ko‘zlashi mumkin”, dedi u.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Isroilning Suriyaga hujumlari bir vaqtning o‘zida bosib olingan Falastindagi genotsidni va Livandagi tajovuz va ishg‘olni davom ettirishga qaratilgan. Eron vakili Tel-Aviv Suriyaning strategik va harbiy va fuqarolik ob’ektlarini nishonga olishda davom etayotganini va mamlakat hududining bir qismini egallaganini ta’kidladi. U Isroilning arab mamlakatidagi ekspluatatsiyasi va ekspansionizmiga zamin tayyorlash orqali Suriyadagi hozirgi vaziyatga aloqador barcha tomonlarning javobgarligini tan oldi. Bag‘ay Isroil rejimining Suriyaga qarshi tajovuz harakatlariga chek qo‘yish xalqaro hamjamiyat, xususan mintaqa mamlakatlari tomonidan tezkor va samarali choralarni talab qilishini ta’kidladi.
“Islom hamkorlik tashkiloti BMT xavfsizlik Kengashini Isroil rejimining qonun va tinchlikni buzishiga qarshi o‘z vazifalarini bajarishga majbur qilish uchun mavjud mexanizmlardan foydalanishi kerak”, dedi u.
Live
Barchasi