Jo‘loniy BMT va Britaniya vakillari bilan uchrashdi

Olam

image

Suriyaning "Hayat Tahrir ash-Shom" guruhi (HTSH) yetakchisi Muhammad al-Jo‘loniy britaniyalik diplomatlar bilan uchrashib, mamlakatiga qarshi sanksiyalarni bekor qilishga chaqirdi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Qayd etilishicha, Bashar Asad hukumati ag‘darilganidan o‘n kun o‘tib, muxolifat rahbari Ahmad ash-Sharo (taxallusi Abu Muhammad al-Jo‘loniy) G‘arb bilan muloqotni yo‘lga qo‘yishni boshlagan. U britaniyalik diplomatlar va BMT vakillari bilan uchrashuv o‘tkazgan. Shuningdek, u Fransiya va Germaniya vakillari bilan ham uchrashishni rejalashtirgan, G‘arbning boshqa mamlakatlari ham hamkorlikka tayyorligini bildirgan.

Hozirda haqiqiy ismi Ahmad ash-Sharo bilan chiqish qilayotgan Abu Muhammad al-Jo‘loniy, kecha, 16 dekabr kuni Britaniya vakili Enn Snouga xalqaro sanksiyalarni bekor qilish zarurligi haqida gapirgan. Unga ko‘ra, bu qochqin suriyaliklarning o‘z uylariga qaytishini ta’minlaydi.

Ahmad ash-Sharoga ko‘ra, urush girdobidagi Suriyadagi isyonchi guruhlar tarqatiladi va ularning jangchilari Mudofaa vazirligiga bo‘ysundiriladi.

“Hammasi qonunga bo‘ysunadi”, deydi u.

Shuningdek, u druzlar jamoasi a’zolari (urushdan oldingi Suriya aholisining taxminan 3 foizini tashkil etuvchi xalq) oldidagi chiqishida u mamlakatdagi turli etnik ozchiliklar orasida birlik zarurligini ta’kidlagan.

“Suriya bir butun bo‘lib qolishi kerak. Ijtimoiy adolatni kafolatlash uchun davlat va barcha dinlar o‘rtasida jamoatchilik shartnomasini tuzish zarur”, deydi u.

BMTning gumanitar masalalar bo‘yicha bosh kotib o‘rinbosari Tom Fletcher bugun, 17 dekabr kuni Damashqda Suriyaning yangi rahbarlari bilan uchrashuvdan keyin "ilhomlanganini" aytgan va "hayot uchun zarur bo‘lgan gumanitar yordam ko‘lamini sezilarli darajada kengaytirish uchun asos borligini" ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa Ittifoqi Suriyaning yangi rasmiylari bilan aloqalarni davom ettirish uchun Damashqdagi diplomatik vakolatxonasini qayta ochishi xabar qilingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Suriya Muhammad al-Jo'loniy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing