Juda ko‘p ishlarimiz to‘siqlarga, joylardagi noinsofliklarga duch kelmoqda – Prezident
Jamiyat
−
31 avgust 2020
9380Ma’lumki, bugun, 31 avgust kuni Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining yigirma to‘qqiz yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.
Davlat rahbari nutqi yakunlangandan so‘ng, rahbarlarga yuzlanib, boshlangan ishlarni tezroq yakunlash kerakligini ta’kidladi. U so‘zi davomida, rahbarlarning oyog‘i yerdan uzilishi mumkinligiga to‘xtalib o‘tdi.
“Bizga bitta narsa kerak: men boshida aytganimdek, oyog‘imiz yerdan uzilmasdan, boshlagan ishlarimizni halol-poklik bilan davom ettirsak, kam bo‘lmaymiz.
Ko‘p illatlarni unutishimiz kerak. Qiyin bo‘lyapti. Hokimlarimizga xalqning ichiga kir, xalqning oldiga bor, odamning dardini eshit, mana shu dardini, qo‘lingdan kelmasa, yaxshi gap bilan, qo‘lingdan kelsa, ish bilan amalda ko‘rsat, deb juda ko‘p harakat qilyapmiz.
Lekin besh qo‘l baravar emas. Juda ko‘p-ko‘p ishlarimiz to‘siqlarga, joylardagi noinsofliklarga duch kelmoqda. Hali ko‘p ijro organlari rahbarlari bunaqa ochiqlikka tayyor emas. Bu — ochiq O‘zbekiston”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev bayram nutqida xorijda qolayotgan o‘zbekistonliklar o‘z holiga tashlab qo‘yilmasligini ta’kidlab o‘tdi.