JSTga qo‘shilish O‘zbekistonga teng sharoitlarda savdo qilish huquqini beradi – Qo‘chqorov
Jamiyat
−
26 noyabr 2024
3854JSTga qo‘shilish O‘zbekistonga adolatli va teng sharoitlarda savdo qilish huquqini beradi. Bu haqda bugun, 26 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida Bosh vazir o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov so‘z ochdi.
Yig‘ilishda deputat Adham Nazirqulov 2025 yilgi davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasida tovarlarni (xizmatlarni) eksportga realizatsiya qilishdan olingan daromadlar bo‘yicha foyda solig‘i va aylanmadan olinadigan soliq imtiyozlari bekor qilinishining mamlakat eksport salohiyatiga qanday ta’sir qilishi haqida savol berdi.
Savolga dastlab Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Xurram Teshaboyev javob berib, 3 iyun kuni milliy qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti qoidalariga muvofiqlashtirish bo‘yicha Prezident farmoni qabul qilinganini va hujjatda tovarlarni (xizmatlarni) eksportga realizatsiya qilishdan olingan daromadlar bo‘yicha foyda solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq, transport xarajatlarini qisman qoplab berishga oid imtiyozlarni 2025 yil 1 yanvardan bekor qilish nazarda tutilganini aytdi.
“To‘g‘ri aytyapsiz, tahlillarga ko‘ra, bu imtiyoz bir qancha korxonalarda eksport sur’atlarining o‘sishida asosiy omillardan biri bo‘ldi… Bu imtiyoz eksport geografiyasi kengayishiga ham o‘z hissasini qo‘shgan edi”, deydi Xurram Teshaboyev.
Uning aytishicha, bu choraning qo‘llanilishi eksportchi korxonalar faoliyatida ma’lum oqibatlarga olib kelishi, aylanma mablag‘larga bo‘lgan ehtiyoj o‘sishi va bu orqali eksport hajmining pasayishiga olib kelishi mumkin.
Xurram Teshaboyev, shuningdek, imtiyozlar bekor qilinishining salbiy oqibatlarini yumshatish uchun bir qator choralar ko‘rilayotgani, jumladan, aylanma mablag‘lariga ehtiyoj ortishidan kelib chiqib faktoring xizmatlari bozorini rivojlantirish bo‘yicha ishlar amalga oshirilayotganini aytdi.
Jamshid Qo‘chqorov foyda solig‘i bo‘yicha 2022 yilda 972 mlrd so‘m, 2023 yilda 1 trln 100 mlrd so‘m imtiyoz berilganini qayd etdi. Aylanmadan olinadigan soliq bo‘yicha imtiyozlar esa nisbatan ancha kam miqdorda berilgan: 2022 yilda 12 mlrd so‘m, 2023 yilda 14 mlrd so‘m.
“O‘tgan safar berilgan savollarni ham inobatga olib, o‘zimning bir fikrimni aytmoqchiman. JST – umuman olganda bir adolatli savdo tizimi. JSTga a’zo bo‘lganlar va a’zo bo‘lmaganlar orasida tengsizlik bor. Ya’ni, agar biz bironta rivojlangan mamlakat bilan savdo-sotiq qiladigan bo‘lsak, ular bizdan o‘zi uchun doimo mo‘’tadil yoki qulay bo‘lgan shart-sharoitlarni talab qilish huquqiga ega, bu yerda imtiyozlarni nazarda tutmayapman”, deydi u.
Bosh vazir o‘rinbosari JSTga a’zo ba’zi mamlakatlar hech qaysi davlat uchun qo‘ymagan import bojlarini O‘zbekiston uchun qo‘yganini ta’kidladi.
“Uning noto‘g‘ri yoki boshqa bo‘layotganini biz faqat ikki tomonlama muzokaralarda ko‘rib chiqishimiz mumkin. Bu [so‘raganlarimizni] yo qilishi yoki qilmasligi mumkin. Lekin biz ham JSTga a’zo bo‘lganimizda edi, ular shaxsan bizning eksportimizni cheklashga qaratilgan chora-tadbir ko‘ra olmasdi”, deydi u.
Iqtisodiyot va moliya vaziri lo‘nda qilib aytganda, JSTga qo‘shilish O‘zbekistonga adolatli va teng sharoitlarda boshqa mamlakatlar bilan savdo qilish huquqini berishini ta’kidladi.
“JSTga kirish O‘zbekistonga boshqa, avvalambor rivojlangan, tez rivojlanayotgan mamlakatlar bilan adolatli va teng, paritet shart-sharoitlarda savdo qilish imkonini beradi. Kimdir yo‘qotishi mumkin. Lekin, mening fikrimcha, JST bu – adolatli savdo tartib-tamoyillari. Shuning uchun har bir O‘zbekiston tadbirkori adolatli va ochiq raqobat sharoitida o‘z tadbirkorlik faoliyatini yuritishni o‘rganishi kerak. Dunyo mamlakatlarining asosiy qismi JSTga a’zo ekanidan kelib chiqib, ular bilan biz adolatli va teng savdo qilishimiz uchun biz bu tashkilotga a’zo bo‘lishimiz kerak”, deydi u.
Eslatib o‘tamiz, joriy oy boshida O‘zbekiston AQSH bilan Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunlagandi. Hozirda tomonlar bozorga kirish to‘g‘risidagi bayonnomani imzolashga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu orqali AQSH O‘zbekiston bilan Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunlagan 21-davlat bo‘ladi.
LiveBarchasi